Mahalliy

“Tashabbusli byudjet”da yangi tartib asosida deputatlar 346 ta loyihani qoʻshimcha gʻolib deb topdi

1-sentabrda “Tashabbusli byudjet”ning 2026-yilgi ikkinchi mavsumi natijalari eʼlon qilindi. Ovoz berish jarayonida mamlakat boʻylab 10 million 124 mingdan ortiq ovoz berildi va 2 195 loyiha gʻolib deb topildi.

“Tashabbusli byudjet”da yangi tartib asosida deputatlar 346 ta loyihani qoʻshimcha gʻolib deb topdi

Ammo “Tashabbusli byudjet”dagi tanlov shu bilan yakunlanmadi. Endi navbat deputatlarga keldi.

Bu mavsum jarayonida muhim yangilik bor: deputatlar endi bitta emas, ajratilgan mablagʻ doirasida bir nechta loyihani qoʻshimcha gʻolib sifatida tanlashi mumkin.

Bunday imkoniyat Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 29-iyundagi qarori bilan belgilangan. Oldingi tartibga koʻra, deputat har bir mavsumda ovoz berishda gʻolib boʻlmagan loyihalar orasidan faqat bittasini qoʻshimcha gʻolib sifatida tanlay olardi. Endi esa bir saylov okrugidagi bir nechta muhim muammoni bir vaqtning oʻzida hal etishga qaratilgan loyihalarni qoʻllab-quvvatlash imkoniyati paydo boʻldi.

Endilikda masala faqat “qaysi loyiha koʻp ovoz oldi?” degan savol bilan cheklanmaydi. Boshqacha aytganda, saylov okrugida bir nechta muhim muammo mavjud boʻlsa, deputat ulardan faqat bittasini tanlash bilan cheklanib qolmaydi. Ajratilgan mablagʻ imkon bersa, bir nechta hududdagi muammoni hal etishga qaratilgan loyihalarni ham qoʻllab-quvvatlashi mumkin.

Joriy yilning 2–6-sentabr kunlari Qonunchilik palatasi deputatlari oʻz saylov okruglarida boʻlib, ovoz berishda gʻolib boʻlmagan loyihalar bilan tanishdi, aholi bilan uchrashdi va qaysi tashabbuslar qoʻshimcha qoʻllab-quvvatlashga munosib ekanini oʻrgandi.

Jarayon yakunlariga koʻra, deputatlar jami 346 ta loyihani qoʻshimcha gʻolib deb topdi. Ularni amalga oshirish uchun 240,3 milliard soʻm yoʻnaltiriladi. Loyihalar 145 ta tuman va shahardagi 343 ta mahallani qamrab oldi.

Yangi tartibning amaliy natijalari ham eʼtiborga molik. 149 deputatning 93 tasi ajratilgan mablagʻni bitta yirik loyihaga yoʻnaltirgan boʻlsa, 56 tasi uni bir nechta loyihaga taqsimlagan. Masalan, Dilnoza Azizova 17 ta, Jasurbek Shodiyev 12 ta, Zebiniso Rahmonova 10 ta, Goʻzal Samiyeva 9 ta, Firdavs Sharipov 8 ta, Odiljon Tojiyev 8 ta, Abdullo Aslonov 7 ta loyihani qoʻllab-quvvatlagan.

Tanlangan tashabbuslar asosan odamlarning kundalik hayotiga bevosita taʼsir qiladigan masalalarga taalluqli: yoʻl, elektr, ichimlik suvi, mahalla infratuzilmasi, bolalar va sport maydonchalari.

Raqamlar ham buni tasdiqlaydi. 346 ta loyihaning 119 tasi ichki yoʻllarni taʼmirlashga qaratilgan boʻlib, ularga umumiy mablagʻning 41 foizi - 98,9 milliard soʻm yoʻnaltirilgan; buning hisobiga jami 156,8 kilometr yoʻl asfaltlanadi. Elektr taʼminoti va koʻcha chiroqlari boʻyicha 92 ta, umumtaʼlim maktablari va maktabgacha taʼlim muassasalari boʻyicha 54 ta, bolalar maydonchalari boʻyicha 20 ta, sogʻliqni saqlash muassasalari boʻyicha 14 ta, ichimlik suvi boʻyicha 13 ta loyiha tanlangan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.