Surxondaryoda mansabdor shaxs yoshlarni ovoz yigʻishga majburlagani uchun jazolandi
Sariosiyo tumani yoshlar ishlari boʻlimi boshligʻi ovoz yigʻishga majburlagani uchun maʼmuriy javobgarlikka tortildi.

Surxondaryoda mulozim yoshlarni ovoz yigʻishga majburlagani uchun javobgarlikka tortildi
Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani Yoshlar ishlari boʻlimi boshligʻi R. Rahmatjonov «Ochiq byudjet» tashabbusi doirasidagi loyihalarga yoshlar yetakchilarini ovoz yigʻishga majburlagani toʻgʻrisidagi xabarlar tekshirilganidan soʻng maʼmuriy javobgarlikka tortildi. Bu haqda Davlat mehnat inspektsiyasi xabar bermoqda.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda mansabdor shaxs yoshlar yetakchilarini «Ochiq byudjet» loyihalari uchun majburiy tartibda ovoz yigʻishga jalb qilgani, shuningdek, ularga nisbatan haqoratli munosabatda boʻlgani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Davlat mehnat inspektsiyasi ushbu maʼlumotlarni belgilangan tartibda oʻrganib chiqdi.
Tekshiruv yakunlariga koʻra, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan maʼlumotlar oʻz tasdigʻini topdi.
R. Rahmatjonovga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 51-moddasi asosida maʼmuriy javobgarlik chorasi qoʻllanildi.
Ushbu modda qonunda nazarda tutilgan hollardan tashqari, mehnatga biron-bir shaklda maʼmuriy tarzda majburlaganlik uchun javobgarlikni nazarda tutadi.
Davlat mehnat inspektsiyasi majburiy mehnatga yoʻl qoʻyish qonun buzilishi hisoblanishini taʼkidladi.
Inspektsiya mehnat va mehnat huquqlarini himoya qilish sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirishni davom ettirmoqda.

