Surxondaryoda taʼtildagi xodimni majburan ishga chaqirgan rahbar javobgarlikka tortildi
Qayd etilishicha, xodim qonuniy taʼtil davrida uning xohish-irodasiga zid ravishda mehnatga jalb etilgan.

**Surxondaryoda taʼtildagi xodimni ishga majburlagan rahbar javobgarlikka tortildi**
Surxondaryo viloyatining Uzun tumanidagi Suv yetkazib berish xizmati davlat muassasasida taʼtilda boʻlgan xodimning majburiy ravishda ishga chaqirilgani va unga nisbatan tahdidli munosabatda boʻlingani haqidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab boʻldi.
Ushbu holat Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan atroflicha oʻrganib chiqildi. Tekshiruv natijasida maʼlum boʻlishicha, xodimning qonuniy taʼtil davrida uning roziligisiz ishga jalb etilishi, yaʼni majburiy mehnatga yoʻl qoʻyilganligi tasdiqlandi.
Aniqlangan qonunbuzilish holati yuzasidan muassasa rahbariga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 51-moddasi asosida maʼmuriy javobgarlik chorasi qoʻllanildi.

