Superliga. “So‘g‘diyona” “Mash’al”ni yirik hisobda yengdi, “Qo‘qon-1912” o‘z uyida “Dinamo bilan durang o‘ynadi

Superliga. “So‘g‘diyona” “Mash’al”ni yirik hisobda mag‘lub etdi, “Qo‘qon-1912” esa o‘z maydonida “Dinamo” bilan durang qayd etdi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 20-turidan o‘rin olgan ikki uchrashuv yakuniga yetdi.
“Qo‘qon-1912” — “Dinamo”
Farg‘onaning “Qo‘qon-1912” jamoasi “Dinamo” klubini qabul qildi.
Bellashuvning birinchi bo‘limida mezbonlar safidan Silvanus Nimeli 43-daqiqada raqib darvozasini ishg‘ol qilib, hisobni ochdi. Ikkinchi bo‘limning 52-daqiqasida mehmonlar himoyachisi Artyom Radayev muvozanatni tikladi. O‘yin oxirigacha hisob o‘zgarmadi va jamoalar durangga imzo chekdi — 1:1.
“Qo‘qon-1912” 20 ochko bilan turnir jadvalida 13-o‘ringa ko‘tarildi. “Dinamo” esa 27 ochko bilan 15-o‘rinda qayd etilgan.
“Qo‘qon-1912” 21-turda safarda “Andijon” bilan o‘ynaydi. “Dinamo” esa “Qizilqum”ga qarshi maydonga tushadi.
O‘zbekiston Superligasi, 20-tur
“Qo‘qon-1912” — “Dinamo” 1:1
Gollar: 1:0 — Nimeli (43), 1:1 — Radayev (52).
“So‘g‘diyona” — “Mash’al”
Turning yana bir uchrashuvi Jizzaxda bo‘lib o‘tdi. Unda “So‘g‘diyona” jamoasi “Mash’al” klubi bilan bahs olib bordi va mezbonlar o‘z uyida gollarga boy kechgan o‘yinda 5:2 hisobida g‘alaba qozondi.
Mezbonlar safidan Zabihillo O‘rinboyev dubl qayd etdi. Filip Ivanovich, Lyupcho Doriyev va Jamshid Boltaboyev “So‘g‘diyona”ning qolgan gollariga mualliflik qildi. “Mash’al” tarkibidan esa Mahmudjon Jo‘raboyev hamda Humoyun Murtozayev raqib darvozasini ishg‘ol qildi — 5:2.
“So‘g‘diyona” 27 ochko bilan turnir jadvalida 10-o‘rinda bormoqda. “Mash’al” esa 4 ochko bilan turnir jadvalining so‘nggi pog‘onasida joylashgan.
Ushbu g‘alabadan so‘ng 21-tur doirasida “So‘g‘diyona” “Xorazm” jamoasiga qarshi bahs olib boradi. “Mash’al” esa “Lokomotiv”ni o‘z uyida qabul qiladi.
O‘zbekiston Superligasi, 20-tur
“So‘g‘diyona” — “Mash’al” 5:2
Gollar: 1:0 — O‘rinboyev (4), 2:0 — Ivanovich (33), 3:0 — O‘rinboyev (40), 3:1 — Jo‘raboyev (40), 4:1 — Doriyev (52), 5:1 — Boltaboyev (66), 5:2 — Murtozayev (71).

