Mahalliy

“Super El-Nino” va iliq kunlar. Noyabrda ob-havo qanday bo‘ladi? Gazeta prognozi

O‘zbekistonda noyabr odatdagidan 1−1,5 daraja iliq bo‘lishi kutilmoqda. Biroq yog‘ingarchilik bo‘yicha milliy va xalqaro prognozlarda farq bor. Tinch okeanidagi 'super El-Nino' va Arktikadagi jarayonlar ob-havoga qanday ta’sir qiladi? Iqlimshunos Erkin Abdulahatov Gazeta bilan noyabr uchun prognozini bo‘lishdi.

“Super El-Nino” va iliq kunlar. Noyabrda ob-havo qanday bo‘ladi? Gazeta prognozi

Tinch okeanining ekvatorial qismida suvning keskin isishi — El-Nino tez sur’atlarda kuchaymoqda. Oktabr oxirida Tinch okeanining El-Nino va La-Ninya kuzatiladigan hududida suv harorati haddan tashqari ko‘tarilish jarayonida davom etmoqda. Iqlimshunos Erkin Abdulahatov Gazeta bilan noyabr oyi uchun ob-havo prognozini ulashdi.

O‘tmishda shunga o‘xshash Tinch okeani markazidagi suv isishi, xususan, 1982−1983, 1997−1998 va 2015−2016-yillarning mos davrlarida Markaziy Osiyo mintaqasi, jumladan, O‘zbekistonning katta qismida kuz-qish mavsumlarida ko‘p miqdorda yog‘ingarchilik kuzatilgan. Xalqaro okean va atmosfera iqlim markazi bahosiga ko‘ra, El-Ninoning 2026-yil noyabr-yanvar oylarida ham juda kuchli hodisaga aylanish ehtimoli 70 foizga teng.

Bunday jarayon uzoq yillardan beri kuzatilmagani sababli uni super El-Nino deb atash mumkin. Shu kutilmadan kelib chiqib, Jahon meteorologik tashkiloti Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekistonning katta qismi uchun yaqinlashayotgan noyabr, dekabr, yanvar oylarida mavsumiy umumiy yog‘ingarchilik me’yordan ko‘proq bo‘lishi mumkinligini yashil ranglarda ko‘rsatgan.

Jahon meteorologik tashkiloti o‘z prognozida aynan noyabr uchun O‘zbekistonda yog‘ingarchilikning me’yordan qanchalik og‘ishi, yog‘ingarchilik ko‘pmi, kammi yoki me’yoriy bo‘lishini aniq bermagan bo‘lsa-da, boshqa xalqaro ob-havo prognoz markazlari noyabrda O‘zbekistonning katta qismida oylik yog‘ingarchilik normadan ko‘proq tushishi mumkinligiga ishora qilgan.

O‘zgidromet agentligi noyabr uchun taqdim etgan oylik prognozida O‘zbekiston bo‘ylab yog‘inlar me’yorda va undan kam bo‘lishini bashorat qilgan. O‘zgidromet yog‘ingarchilik bo‘yicha noyabrda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Navoiy, Buxoro viloyatlari barcha tumanlari hamda Samarqand, Jizzax, Surxondaryo viloyatlarining katta qismida me’yordan kam yog‘in kutilishiga e’tibor qaratgan. Boshqa hududlarda esa me’yoriy yog‘ingarchilik bo‘lishi aytilgan.

Noyabr uchun hududlarda me’yoriy yog‘in miqdori 8 mm dan 60 mm gacha bo‘lishi kutiladi, foydalanuvchilar o‘zlari yashayotgan hududdagi me’yoriy yog‘in qiymatini ushbu prognoz xaritadan bilib olishlari mumkin.

O‘zgidromet Jahon meteorologiya tashkiloti va boshqa xalqaro markazlar xulosasiga tayangan holda, noyabr oyida O‘zbekistonning katta qismida havo odatdagidan 1−1,5 daraja iliqroq bo‘lishini ma’lum qildi.

Global iqlim o‘zgarishi, ayniqsa, shiddatli isish sharoitida dunyoning barcha mintaqalarida noyabr issiq kelishi kutilmoqda va bu O‘zbekistonda ham kuzatilishi prognozlarda ko‘ringan. Biroq bu oy davomida sovuq harorat to‘lqinlari bo‘lmaydi degani emas, aksincha, oyning 30 kuni ichida asosan iliq kunlar ko‘proq bo‘lishini anglatadi.

Demak, harorat rejimida sovuq kunlar bo‘lishini inkor etmagan holda, issiq kunlar ustun keladigan iliq noyabrga guvoh bo‘lamiz. Buni O‘zgidromet ham, boshqa xalqaro prognoz markazlari ham bir ovozdan tasdiqlamoqda. Ammo yog‘ingarchilik bo‘yicha noaniqliklar saqlanib qolmoqda.

Bunday savollarga to‘liq javob olish uchun Markaziy Osiyoga sovuqlik to‘lqinlari va namlik tashilishini belgilovchi 5 ga yaqin omilning hozirgi holati hamda yaqin 15 kun va bir oylik prognozlari asosida mintaqa ob-havosi qanday bo‘lishi, qachon sovuqlik to‘lqinlari kirib kelishi mumkinligiga e’tibor qaratamiz.

El-Nino omili.

Bu omil dunyo uchun hanuz uzoq muddatli ob-havo prognozlarini tuzishda hal qiluvchi drayver bo‘lib qolmoqda. Ammo Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun kuz-qish mavsumlarida yog‘ingarchilikning og‘ishi bo‘yicha o‘tmishdagi o‘xshash holatlarda kuzatilgan vaziyatni taqdim etmasligi so‘nggi ikki yil davomida kuzatilmoqda. Iqlimshunoslar bu fenomenni mintaqadan ancha uzoqdagi, joriy iqlim o‘zgarishi sharoiti va O‘zbekiston kabi materik ichida joylashgan juda noqulay geografik joylashuv bilan bog‘lamoqda. Shunga qaramay, El-Nino kelayotgan uch oy uchun super El-Nino tasnifida qolib, Tinch okeani markazidagi suv isishi mintaqa uchun yog‘ingarchilikning ijobiy signallarini bermoqda.

Atlantika okeani shimolidagi namlik.

Aynan shu omil O‘zbekiston uchun kuz-qish mavsumlarida yog‘ingarchilikda hal qiluvchi drayver bo‘lib, Shimoliy Atlantika havo aylanmasi deb ataluvchi katta nam havo oqimi kelayotgan noyabrda O‘zbekiston uchun ko‘p yog‘in olib keluvchi pozitsiyada qolmoqda. Ya’ni u Yevropa uchun kamyog‘inli kunlarni taqdim etuvchi manfiy fazada bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Bu esa Atlantika okeanidan, ehtimol, O‘zbekistonning katta qismiga noyabrda kamida ikki yoki uchta nam havo oqimi kirib kelishini anglatadi. Ammo masala nam havo oqimlarining yog‘in tashlash quvvatida. Ularga boshqa jarayonlar ham bevosita ta’sir qiladi.

Hind okeani shimolidagi suvning isishi.

Bu omilga alohida va to‘g‘ridan to‘g‘ri yog‘in ko‘paytiruvchi mexanizm sifatida qarash unchalik to‘g‘ri emas, ammo so‘nggi yillarda O‘zbekistonda kuchli jala, yog‘inlarning jadal ko‘rinishida yog‘ish shaklining o‘zgarishida Hind okeani shimolidagi Hind okeani dipoli deb nomlanuvchi hodisaning ta’siri biroz yuqori ahamiyat kasb etmoqda.

Aynan noyabr boshlarida Hind okeani shimolida suv harorati me’yordan issiq, ya’ni musbat fazada bo‘lishi oydinlashgan. Bu esa, ehtimol, namlik quvvatining O‘zbekistonning shimoliy hududlaridan tashqari boshqa hududlar uchun ijobiy bo‘lishini ta’minlashi mumkin.

Shimoliy qutb doirasi ustidagi harorat anomaliyasi va qutbiy uyurma tezligi.

Aynan ushbu omillar mintaqada barvaqt sovuq tushishi va g‘arb hamda janubdan keluvchi namlik quvvatlarini belgilovchi omil sifatida baholanishi mumkin. Chunki sovuq antitsiklonlarning janubroqqa siljishi va O‘zbekistonning katta qismida shunday sovuq antitsiklon jarayoni hukmron bo‘lib, namlikning kamayishi Shimoliy qutb ustidagi 30 km balandlikdagi stratosfera quyi qismidagi harorat o‘zgarishi va qutbiy uyurma deb ataluvchi keng masshtabli girdobga bevosita bog‘liq.

Ayni kunlarda Arktika ustida (30 km balandlikda) harorat me’yordan ancha ko‘tarilib, qutbiy doira bo‘ylab esuvchi doimiy shamollar tezligi keskin sekinlashmoqda. Yaqin ikki hafta ichida ham bu holat saqlanib qolishi kutilmoqda.

Bu vaziyat noyabr o‘rtalari va dekabr boshlarida navbatdagi sovuq antitsiklonning O‘zbekistonga chuqurroq kirib kelishi va hududlarda haroratni sezilarli pasaytirishi mumkinligini anglatadi.

Ammo bu prognoz va uning oqlanishi odatdagidek ancha yuqori foizlarga ega emas. Prognozlarga ko‘ra, noyabrning uchinchi o‘n kunligidan qutbiy girdobdagi shamol tezligi yana kuchayib, ehtimol dekabrning ikkinchi yarmi va yanvarda O‘zbekistonda anomal sovuqlik kutilmalar ehtimolini kamaytiradi.

Yuqoridagi barcha alomatlar hamda bu yilga o‘xshash analog yillardan kelib chiqib, noyabr uchun yog‘ingarchilikning me’yordan og‘ish xaritalarini tuzib chiqdik.

O‘zgidrometning noyabr uchun taqdim etgan maslahatomuz ob-havo prognoziga ko‘ra, birinchi o‘n kunlik nisbatan iliq kechadi: tunlari +5…+10, kunduz kunlari +17…+22 daraja iliq bo‘ladi. Ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarda harorat pasayib, tunlari −2…+3, kunduz kunlari esa +5…+20 daraja oralig‘ida o‘zgarib turishi mumkin.

Quyidagi prognoz xaritasida oy davomida kuzatiladigan oylik havo harorati Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida ko‘p yillik iqlimiy normadan 1−1,5 daraja yuqori bo‘lishi ko‘rsatilgan. Demak, aynan shu viloyatlarda issiq kunlar ko‘proq bo‘lishi tushuniladi. Umuman, agentlik noyabr haroratining me’yordan sezilarli yuqori bo‘lishini prognoz qilgan. Noyabr uchun oylik norma nol darajadan +13 darajagacha iliq haroratdan iborat.

Oy davomida ayrim kunlari yomg‘ir yog‘ishi, harorat pasaygan davrlarda esa yomg‘ir qisqa muddatga qorga aylanishi ehtimoldan xoli emas. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, O‘zgidromet yog‘ingarchilik bo‘yicha noyabr oyining quruqroq va me’yoriy yog‘inlar fonida o‘tishini taxmin qilgan.

Lekin bizning mustaqil ekspert sifatida tuzgan prognoz xaritamizda yuqorida sanab o‘tilgan 5 alomatdan kelib chiqib, O‘zbekistonga kirib kelishi mumkin bo‘lgan bir nechta nam havo oqimlari ayrim viloyatlarga me’yordan ko‘p yog‘ingarchilik olib kelishi mumkinligiga ishora qilingan.

Xususan, Samarqand, Jizzax, Namangan viloyatlarining katta qismi hamda Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida yog‘ingarchilik oylik me’yorning 130 foizigacha yuqori og‘ishga ega bo‘lib, ushbu hududlarda noyabr oyi namgarchil kelishi mumkin.

Qoraqalpog‘iston, Xorazm va Qizilqum cho‘llari aslida ham kam yog‘inli hududlar hisoblanadi. Bu yerda noyabrda yog‘ingarchilik me’yorning bor-yo‘g‘i 70−90 foizini tashkil etishi kutilayotgani sababli, ushbu hududlarda oy quruq kechishini taxmin qilish mumkin. Yog‘ingarchiliklar asosan oyning birinchi yarmidagi kunlar oralig‘ida hamda uchinchi o‘n kunlikda bo‘lishi mumkin. Ayrim hollarda yog‘inlar joylarda qor ko‘rinishida tushishi kutilmoqda.

Shu tariqa, oy o‘rtalari va oxirida qisqa muddatli sovuq kuzatilishi kutilmoqda. Shuningdek, shimol va Qizilqum cho‘llaridan tashqari, respublika bo‘ylab har o‘n kunlikda kamida bir marta nam havo oqimi kirib kelishi va yog‘ingarchilik bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

Takror bo‘lsa-da, shuni yana bir bor alohida ta’kidlash joizki, uzoq muddatli, xususan, oylik va mavsumiy ob-havo prognozlarining o‘zini oqlash darajasi ancha past. Kuz-qish mavsumida har bir oy uchun 60−70 foizdan yuqori aniqlikda prognoz bera oladigan usullar hozircha mavjud emas.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.