Mahalliy

O‘zbekistonda 2−8-noyabr kunlari ob-havo qanday bo‘ladi? Gazeta sharhi

Joriy hafta O‘zbekistonda harorat ko‘p yillik me’yordan 3−6 daraja yuqori bo‘lishi, havo +28 darajagacha ilishi kutilmoqda. 4−5-noyabrda ayrim hududlarda qisqa muddatli yomg‘ir, tog‘larda qor yog‘ishi mumkin. Poytaxt va yirik shaharlarda kuchsiz shamol sababli havoda chang zarralari saqlanib qolishi ehtimoli bor.

O‘zbekistonda 2−8-noyabr kunlari ob-havo qanday bo‘ladi? Gazeta sharhi

Iqlimshunos Erkin Abdulahatov Gazeta bilan navbatdagi haftalik ob-havo sharhini ulashdi. Uning aytishicha, hafta boshida O‘zbekistonda Qoraqalpog‘istonning ayrim hududlari sovuq antitsiklonning janubi-sharqiy chekkasi ta’sirida bo‘lib, tunlari harorat -5 darajagacha tushishi mumkin. Bu sinoptik jarayon respublikaga chuqur ta’sir qilmasa-da, 2-noyabr kuni biroz salqin ob-havo kuzatilishini ta’minlaydi. 4−5-noyabrda janubdan kirib kelishi kutilayotgan nam havo oqimlari ayrim joylarga kam miqdorda yog‘in olib keladi. Juma kunidan boshlab harorat keskin ko‘tariladi va bu holat dam olish kunlarida ham saqlanib qoladi.

Xorijiy ob-havo byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, 2−6-noyabr kunlari O‘zbekistonning juda katta qismida dushanbadagi biroz salqin kunni hisobga olmaganda, ish kunlaridagi o‘rtacha harorat ko‘p yillik iqlimiy me’yordan 4 daraja va undan yuqori, ya’ni issiq bo‘ladi.

O‘zgidrometning hafta kunlari uchun tuzgan prognoziga ko‘ra, joriy hafta ish kunlari 4-oktabr kuni Buxoro va Navoiy, 4−5-noyabr kunlari Toshkent, Jizzax, Sirdaryo, Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo, 5-noyabr kuni Farg‘ona vodiysi viloyatlarining ayrim hududlarida kam miqdorda yog‘ingarchilik bo‘lishi, 3−5-noyabr kunlari tog‘larda yog‘ingarchilik kuzatilishi mumkinligi qayd etilgan. Boshqa kunlari hududlarda yog‘ingarchilik kutilmaydi.

Quyida 2-noyabrdan 8-noyabr kunigacha, ya’ni hafta davomida joylarda kutilayotgan umumiy yog‘ingarchilik prognoz xaritasida yuqoridagi holat yaqqol aks etgan bo‘lib, respublikaning ayrim hududlarida yog‘ingarchilik bo‘lishi mumkinligi ko‘k, yashil va sariq ranglarda ko‘rsatilgan. Tog‘li hududlardagi qizil rangli tasvirlar joriy hafta hududlarda umumiy 50 mm gacha yog‘ingarchilik tushishini anglatadi. Tog‘larda yog‘inlar asosan kristal, ya’ni qor ko‘rinishida yog‘adi.

2-noyabr tongida Qoraqalpog‘iston Respublikasi ayrim hududlarida havo harorati −2…−4 daraja sovuqqacha pasayishi kutilmoqda. Bunday sovuqlik to‘lqini asosan aynan shu hududlarga xos bo‘lib, hafta ish kunlarida boshqa viloyatlarda havo haroratining minimumlari janubiy viloyatlarda +5…+10 daraja, boshqa hududlarda +2…+7 daraja oralig‘ida bo‘ladi. Tog‘larda esa kechalari nol darajagacha, ba’zi paytlarda -3 darajagacha sovuq kutiladi.

Juma kunidan boshlab tungi harorat ko‘tarilib boradi. Kunduzgi harorat hafta boshida biroz pastroq bo‘lishi kutiladi, hafta o‘rtalaridan esa asta-sekin isib, +20…+23 daraja, cho‘l va janub hududlarda +25…+28 daraja issiqqa chiqadi. Tog‘larda kunduzlari +10…+15 daraja iliq havo kutiladi. Hafta boshida ayrim hududlarga tuman tushishi mumkin.

O‘zgidrometning boshqa bir axboroti hamda Yevropa o‘rta va uzoq muddatli ob-havo prognoz markazi (ECMWF) prognozlariga ko‘ra, respublikaning katta qismida o‘rtacha haftalik harorat ko‘p yillik me’yordan 3−6 daraja yuqori, ya’ni issiq bo‘ladi. Yog‘ingarchilik bo‘yicha esa shimol va Qizilqum cho‘l hududlarida namgarchil hafta, vodiydan tashqari boshqa hududlarda ko‘p yillik noyabr boshlariga xos yog‘inlar bo‘lishi mumkinligi aytilgan.

Shunday qilib, joriy hafta sezilarli issiq, hafta o‘rtalarida chang bosdi yomg‘irlar, baland tog‘larda esa qor yog‘ishi kuzatilishi oydinlashmoqda. Yirik shaharlarda shamolning susayishi ayni mavsumda havo ifloslanishini kuchaytiradi.

Joriy hafta ob-havosi bevosita inson salomatligiga ta’sir ko‘rsatadigan darajada emas. Yirik shaharlarda havoning mayda RM2,5 zarrachalari bilan ifloslanishi ayrim toifa kishilar salomatligiga ta’sir qilishi mumkin. Havodagi atmosfera bosimining o‘zgarishlari mavsum uchun normal holatda qolishi taxmin qilinmoqda.

Joriy hafta janubdan kirib kelishi kutilayotgan nam va issiq havo to‘lqinlari tungi havo haroratining yuqoriroq bo‘lishiga olib keladi. Yirik shaharlarda hafta boshini hisobga olmaganda, aholi tonggi va tungi paytlarda izg‘irin sovuqlarga duch kelmaydi. Go‘yo bahor boshidagi iliqlikka o‘xshash ob-havo muhiti kutiladi.

Hafta o‘rtasidan boshlab cho‘l va janub viloyatlarida havo haroratining +28 darajagacha ko‘tarilishi odamlarni yengil kiyimlarda yurishga undaydi. Aholi qish nafasi­ni baland tog‘larda his qilishi mumkin. Hafta o‘rtalarida kutilayotgan yog‘ingarchiliklar ushbu hududlarda qor yog‘ish hodisalarini yuzaga keltirishi oydinlashmoqda.

Kuzgi sayr-sayohatlarni yoqtiradiganlar uchun joriy hafta ayni muddao — yirik shaharlarda daraxtlar asta-sekin oltin rangga kirib, quyoshli manzara bilan birga ko‘pchilikka estetik zavq ulashadi.

Quyosh faolligi bo‘yicha mavjud prognozlarda joriy hafta ish kunlari sariq va yashil xavf darajadagi magnit bo‘roni qo‘zg‘alishlari bo‘lishi baholanmoqda.

Faqat juma kuniga borib, qizil xavf darajasidagi magnit bo‘ronlari bo‘lishi taxmin qilingan. Magnit bo‘ronining inson salomatligiga ta’siri haqida fanda hanuz aniq xulosalar yo‘q. Shu sababli bunday kosmik ta’sir kishilar salomatligiga aniq ta’sir ko‘rsatadi, deb aytish noto‘g‘ri.

O‘zgidromet agentligi hafta davomida juda kuchli shamollar bo‘lishiga e’tibor qaratmagan. Biroq agentlik poytaxtda 8-noyabr kuniga qadar shamolning sust esishi va inversiya hodisasi sabab havoda mayda dispers zarrachalar miqdori davomli saqlanishi haqida ogohlantirish xabarini omma bilan bo‘lishgan.

Havoda chang zarrachalarining keskin ko‘payishi, katta masshtabdagi chang bo‘ronlari kuzatilishi uchun hozircha kuchli meteorologik omillar ko‘rinmayapti.

Havoda ifloslanish ortsa yoki mayda zarrachalar bilan bog‘liq ifloslanish yuz bersa, qanday harakat qilish bo‘yicha Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi aholining turli yosh qatlamlari va bemorlar uchun tayyorlagan tavsiyalari bilan tanishib qo‘yish zarar qilmaydi.

Shunday qilib, 2-noyabrdan 8-noyabr kunlari oralig‘ida O‘zbekistonda asta-sekin harorat ko‘tarilishi bilan bog‘liq iliq kuzga mos ob-havo kutiladi. Yirik aholi yashash hududlarida atmosferadagi inversiya hodisalarining kuchayishi havoda mayda chang zarrachalari ortishiga olib kelishi mumkin.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.