Mahalliy

O‘zbekistonda 24−30-avgust kunlari ob-havo qanday bo‘ladi? Gazeta sharhi

Joriy haftada O‘zbekistonda issiqlik tafti biroz pasayadi, ammo bu salqin kunlar keldi degani emas. Hafta boshi va o‘rtasida shimol va sharq tomondan nisbatan salqinroq havo oqimlari kirib keladi. Hafta oxiriga yaqin esa issiqlik yana kuchayadi, harorat maksimumlari +40 darajagacha yetadi.

O‘zbekistonda 24-30-avgust kunlari ob-havo qanday bo‘ladi? Gazeta sharhi

O‘zbekistonda antitsiklonning janubiy chekkasidagi havo oqimlarining qayta taqsimlanishi natijasida respublikaga nisbatan salqin havo kirib kelmoqda. 24-28-avgust kunlari Qizilqum, Buxoro-Navoiy cho‘llari va janubiy viloyatlardan tashqari, mamlakatda kunduzgi harorat asosan +35…+38 daraja atrofida bo‘ladi.

Qashqadaryo, Surxondaryo va ayrim cho‘l hududlarida harorat +40 darajagacha ko‘tarilishi mumkin. Tunlari esa aksariyat hududlarda +17…+22 daraja atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

Xorijiy ob-havo byurolari ma’lumotlariga ko‘ra, haftaning ish kunlarida O‘zbekistonning katta qismida payshanba-juma kunlaridagi issiqroq havo to‘lqini tufayli havo harorati iqlimiy me’yordan 1-2 daraja yuqori bo‘lishi ehtimoli bor.

O‘zgidrometning hafta kunlari uchun tuzgan prognozlariga ko‘ra, juma kuniga qadar respublika bo‘ylab yog‘ingarchilik kutilmaydi. Faqat dam olish kunlariga borib shimoliy hududlar, Farg‘ona vodiysi va tog‘li joylarda qisqa muddatli yog‘inlar bo‘lishi qo‘shimcha qilingan. Quyidagi yog‘ingarchilik prognozi xaritasida hafta davomida aynan qaysi hududlarda yog‘ingarchilik bo‘lishi ko‘k rangda tasvirlangan.

Haftalik harorat o‘tgan va undan oldingi haftalarnikidan sezilarli darajada pasaygani sezilmoqda. 28-avgustga qadar janub va Buxoro, Navoiy viloyatlari cho‘l hududlarini hisobga olmaganda, respublikaning katta qismida kunduzlari havo harorati +38 darajagacha ko‘tariladi.

Surxondaryo, Qashqadaryo va ayrim cho‘l joylarida havo harorati maksimumlari +40 darajaga yetadi. Tog‘larda esa hafta boshlarida +27 daraja, boshqa kunlari +30 daraja issiq bo‘lishi aniqlangan. Tunda hududlar bo‘ylab havo harorati +17…+22 daraja oralig‘ida o‘zgaradi. Tog‘larda esa harorat +11 darajagacha pasayadi.

Hafta boshlarida shimol, cho‘l va janubiy viloyatlarda kuchli shamollar, chang-to‘zonlar ko‘tarilishi taxmin qilinmoqda.

O‘zgidrometning boshqa bir axboroti hamda Yevropa o‘rta va uzoq muddatli ob-havo prognoz markazi (ECMWF)ning prognozlariga ko‘ra, ushbu hafta respublikaning katta qismida o‘rtacha havo harorati me’yor atrofida va ayrim hududlarda me’yordan 1-3 daraja yuqori bo‘lishi, yog‘ingarchilik miqdori esa shimoliy hududlarda me’yordan ko‘proq kuzatilishi aniqlangan.

Shunday qilib, haftaning ish kunlari respublika bo‘ylab yozgi salqinlik, dam olish kunlariga borib esa sezilarli issiq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Bu o‘tgan haftaga nisbatan sezilarli yengillik, ammo avgust oxiri uchun xos haqiqiy salqinlik hali boshlanmaganini anglatadi.

Joriy haftadagi ob-havo o‘zgarishlaridan aholi salomatligi ko‘p ham ta’sirlanmaydi. Chunki bu hafta atmosfera bosimi normal ko‘rsatkichlarga juda yaqin bo‘ladi. Ammo janubdagilar va cho‘lli hududlarda yashaydiganlar kunduzlari haroratning +40 darajagacha ko‘tarilishida issiqlikning organizmga ta’sirini kamaytirish choralarini ko‘rishi kerak.

Shunga qaramay, havo oqimlari o‘rin almashayotganida atmosfera bosimi o‘zgarishlari bilan bog‘liq “barik maydonning o‘zgarishi” hodisasining kuchsiz shakli ro‘y berishi va havo massalari almashinuvi davrida atmosfera bosimidagi o‘zgarishlar meteosezgir kishilarda noqulaylik hissini kuchaytirishi mumkin.

Bioiqlimiy sharoitlar.

Joriy hafta boshi va o‘rtalarida o‘zbekistonliklar, hatto janubiy viloyatlar aholisi ham kunduzlari biror marta juda yuqori ekstremal issiqlik stresslariga duch kelmaydi. Respublika bo‘ylab aholi tun va tonggi muddatlarda komfort iqlimiy sharoitni his etadi. Bunday sharoitda inson organizmiga tushadigan issiqlik yuki pasayadi va yengil kiyimda ham nisbatan qulay termik muhit shakllanadi.

Ammo dam olish kunlariga borib, respublikaning katta qismida istiqomat qiluvchilar kunning ikkinchi yarmida juda issiq, ayrim hududlarda esa ekstremal issiqlik hissiyot sharoitlarini his etadi.

Ayni vaqtda, hafta boshlarida tog‘larda tunda va tongda havo harorati +11 daraja atrofida bo‘lgan vaqtda etni junjituvchi salqinlik kuzatilishi mumkin. Shuning uchun tog‘li joylarda tunda va tongda qalinroq kiyinishga to‘g‘ri keladi.

Kosmik ta’sirlar.

O‘tgan haftada kuchli geomagnit faollik kuzatildi. Bunday holatlar birinchi navbatda Yerning magnitosferasidagi o‘zgarishlarni aks ettiradi. Geomagnit bo‘ronlarning inson salomatligiga ta’siri bo‘yicha ilmiy natijalar esa hanuz bir xil emas; ayrim tadqiqotlarda ehtimoliy bog‘liqliklar qayd etilsa-da, ularni umumiy aholi uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri tibbiy ta’sir sifatida talqin qilishga asos yetarli emas. Quyosh faolligi bo‘yicha mavjud prognozlarda bu hafta davomida “qizil” xavf darajasidagi geomagnit bo‘ron ehtimoli yuqori baholanmayapti.

Juma kuniga borib esa kosmik ta’sirlarga moyil kishilar ehtimol “sariq” xavf darajasidagi magnit bo‘ronidan ta’sirlanishlari mumkin. Biroq bunday prognozlarning ishonchliligi bir necha kundan keyin pasayadi, shuning uchun yaqin muddatli yangilanishlarni kuzatish maqsadga muvofiq.

O‘zgidromet agentligi hafta boshlari va dam olish kunlariga borib Xorazm, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari va Qoraqalpog‘istonda kuchli shamollar quruq tuproqdan chang ko‘tarilishini kuchaytirishi, shamol susayib, atmosfera turg‘unlashgan ayrim davrlarda mayda dispers zarrachalarning havoda to‘planishi ortishi mumkin.

Havoda ifloslanish ortsa yoki mayda zarrachalar bilan bog‘liq ifloslanish ro‘y berganida qanday harakat qilish bo‘yicha Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi aholining turli yosh qatlamlari va bemorlar uchun tayyorlagan tavsiyalari bilan tanishib qo‘yish zarar qilmaydi.

Shunday qilib, O‘zbekistonda issiqlik chekinmoqda, ammo avgust hali o‘zining so‘nggi issiq zarbasini berishi mumkin.

Haftaning ish kunlari sutkaning kattaroq muddatlarida qulay ob-havo, dam olish kunlari esa biroz beqaror ob-havo kuzatilishi mumkin.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.