Mahalliy

O‘zbekistonda 14−20-sentabr kunlari ob-havo qanday bo‘ladi? Gazeta sharhi

O‘zbekistonda joriy hafta quruq va issiq o‘tishi kutilmoqda. Dam olish kunlari hududlarda kunduzi +35…+37 darajagacha issiq kuzatiladi. Shuningdek, hafta boshida kuchli magnit bo‘roni bo‘lishi, kunduzgi va kechki haroratlarda katta farq yuzaga kelishi mumkin. Gazeta sharhi.

O‘zbekistonda 14−20-sentabr kunlari ob-havo qanday kechadi? Gazeta sharhi

O‘zbekistonda joriy hafta ob-havosini hududlarda uzoq vaqt saqlanib turadigan past bosimli issiq havo sharoiti belgilaydi. Bunday sinoptik vaziyatda respublika bo‘ylab, tog‘lar va shimoldan tashqari, tungi salqinlik +13…+18 daraja, kunduzgi issiqlik esa +30…+35 daraja atrofida bo‘ladi.

Dam olish kunlariga kelib issiqlik yanada kuchayadi. Haftaning ish kunlarida, tog‘li hududlarni hisobga olmaganda, boshqa joylarda yog‘ingarchiliksiz quruq ob-havo kutiladi.

Xorijiy ob-havo byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, haftaning 14−18-sentabr kunlari O‘zbekistonning juda katta qismida ayni issiq havo oqimi ta’siri sababli shu 5 kunlik o‘rtacha harorat ko‘p yillik iqlimiy me’yordan 2−4 daraja yuqori bo‘ladi.

O‘zgidrometning hafta kunlari uchun tuzgan prognozlariga ko‘ra, 14−17-sentabr kunlari respublikaning tog‘li hududlaridan tashqari boshqa joylarda yog‘ingarchilik bo‘lmasligi aniqlangan. 18−20-sentabr kunlari esa issiqlik yanada kuchayib, tog‘larda ham yog‘ingarchilik kuzatilmasligi taxmin qilingan. Shu bois joriy haftani quruq hafta deb atash mumkin.

Quyidagi prognoz xaritasida hafta davomida joylarda kuzatilishi mumkin bo‘lgan umumiy yog‘ingarchilik miqdori bo‘yicha kutilmalar berilgan.

Haftaning ish kunlarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyati hamda tog‘li hududlarda tungi va tonggi paytlarda +10…15 daraja, boshqa viloyatlarda esa +13…+18 daraja iliq harorat bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Kunduzgi paytlarda tog‘larda +22…+27 daraja, janub viloyatlarida +30…+35 daraja, boshqa viloyatlarda +28…+33 daraja issiq bo‘lishi qayd etilmoqda. Dam olish kunlariga borib respublika bo‘ylab havo harorati tungi va kunduzgi muddatlar uchun haftaning ish kunlariga nisbatan 2−3 daraja yuqoriga ko‘tariladi.

O‘zgidrometning boshqa bir axboroti hamda Yevropa o‘rta va uzoq muddatli ob-havo prognoz markazi (ECMWF) prognozlariga ko‘ra, ushbu hafta respublikaning katta qismida o‘rtacha havo harorati shu davrga xos me’yordan 1−3 daraja, ayrim hududlarda 3−6 daraja yuqori, ya’ni issiq bo‘lishi, yog‘ingarchilik miqdori esa me’yordan ancha kam, ya’ni quruq hafta kabi o‘tishi anglashilmoqda.

Shunday qilib, haftaning ikkinchi yarmidan boshlab haroratning sezilarli ko‘tarilishi, tungi va kunduzgi harorat farqlaridagi tafovutning kattalashishi aholi salomatligiga qo‘shimcha yuklama tushirishi mumkin.

Joriy haftada O‘zbekistonda +34…+36 daraja kunduzgi issiqlik va +13…+18 daraja tungi salqinlik organizmga qo‘shimcha fiziologik yuklama berishi mumkin. Sutkalik haroratdagi katta farq, ayniqsa, meteosezgir insonlar, keksa yoshdagilar hamda yurak-qon tomir va nafas yo‘llari kasalliklari bor insonlarda bosh og‘rig‘i, holsizlik, uyqu buzilishi va qon bosimi o‘zgarishini kuchaytirishi mumkin. Tadqiqotlar sutkalik harorat o‘zgaruvchanligi yurak-qon tomir va nafas tizimi kasalliklari xavfi bilan bog‘liqligini ko‘rsatadi.

Namlik yuqori bo‘lsa, terning bug‘lanishi sekinlashib, organizmning sovish qobiliyati pasayadi va issiqlik og‘irroq seziladi. Shu sababli bunday kunlarda yetarli suyuqlik ichish, yuqori issiqlik kuzatiladigan kunduzgi paytlarda jismoniy zo‘riqishni cheklash va xonada havo almashinuvini ta’minlash muhim. Ayrim hududlarda nisbiy namlikning yuqoriligi issiqlikning organizm uchun og‘irroq sezilishiga olib kelishi mumkin.

Haftaning juma hamda dam olish kunlari kunduzgi ayrim paytlarda ko‘plab hudud aholisi juda issiq ob-havo sharoitini his etadi. Quyidagi bioiqlimiy hissiyotni ko‘rsatuvchi zamonaviy prognoz ma’lumotlarida (UTCI) ham 18-sentabr kuni soat 14:00 da Toshkent va Surxondaryo viloyatining katta qismi, Sirdaryo viloyati aholisi bioiqlimiy hissiyot nuqtai nazardan juda issiq hissiyot ta’siri ostida qolishi mumkinligi ko‘rsatilgan.

Shunga qaramay, joriy kuzgi issiqlik to‘lqini sababli respublika aholisi sutkaning katta qismida qulay bioiqlimiy sharoitlardan bahramand bo‘ladi. Haftaning ish kunlari tog‘lar va shimol tomonlarda tonggi paytlarda nisbatan salqin sharoit kuzatiladi. Bu vaqtda ushbu hudud aholisi issiqroq kiyimlar kiyib olishlari tavsiya etiladi.

Quyosh faolligi bo‘yicha mavjud prognozlarda bu hafta boshida “qizil” xavf darajasidagi geomagnit bo‘ron ehtimoli yuqori ekani baholanmoqda.

Xususan, dushanba va seshanba kunlari “qizil” xavf darajasidagi magnit bo‘roni xavfi mavjud. Ish haftasining boshqa kunlari uchun asosan “sariq” darajadagi magnit bo‘roni prognoz qilinmoqda.

O‘zgidromet hafta davomida kuchli shamollar bo‘lishiga e’tibor qaratmagan. Havoning tabiiy kuchli ifloslanishi bilan bog‘liq sinoptik vaziyat ham hozircha ancha barqaror. Chang zarrachalarining keskin ortishi uchun hozircha kuchli meteorologik omillar ko‘rinmayapti.

Havoda ifloslanish ortsa yoki mayda zarrachalar bilan bog‘liq ifloslanish yuz berganida qanday harakat qilish bo‘yicha Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi aholining turli yosh qatlamlari va bemorlar uchun tayyorlagan tavsiyalari bilan tanishib qo‘yish zarar qilmaydi.

Shunday qilib, 14−20-sentabr kunlari O‘zbekistonda ob-havo deyarli bir maromda barqaror qoladi. Hafta boshidagi ehtimol “qizil” xavf darajasidagi magnit bo‘ronlari hamda haftaning dam olish kunlari haroratning sezilarli isishi ob-havo o‘zgarishlari va kosmik ta’sirlarga moyil aholi qatlami salomatligiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.