Mahalliy

O‘zbekistonda 7−13-sentabr kunlari ob-havo qanday bo‘ladi? Gazeta sharhi

O‘zbekistonda harorat yana ko‘tariladi. Hafta o‘rtasida shimoliy va tog‘li joylardan tashqari boshqa hududlarda havo kunduzi +36…+39 darajagacha isib, jazirama kuchayadi. Biroq bu issiq uzoq davom etmaydi: shimolda payshanbadan, respublikada esa dam olish kunlaridan harorat sezilarli pasayadi.

O‘zbekistonda 7−13-sentabr kunlari ob-havo qanday kechadi? Gazeta sharhi

O‘zbekistonda o‘tgan hafta kunlaridagi sezilarli salqinlikni ta’minlagan shimoldan kirib kelgan sovuq havo chekinadi va shimoliy hududlardan tashqari joriy hafta ish kunlari respublika bo‘ylab haroratning ancha ko‘tarilishiga sabab bo‘ladi.

Payshanbadan boshlab avval shimolga navbatdagi salqin havo ta’sir etib, shimol va Qizilqum cho‘llari uchun uncha ko‘p bo‘lmagan yog‘inli kunlar bo‘lishi ma’lum bo‘lmoqda. Dam olish kunlarida esa respublikaning katta qismi yana salqin havo ta’siriga tushadi, ayrim joylarda kunduzgi maksimal harorat nari borsa +30 darajagacha yetadi.

Xorijiy ob-havo byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, haftaning 7−11-sentabr kunlari O‘zbekistonning juda katta qismida issiq havo oqimi ta’siri sababli shu 5 kunlik o‘rtacha harorat ko‘p yillik iqlimiy me’yordan 2−4 daraja yuqori bo‘ladi.

O‘zgidrometning hafta kunlari uchun tuzgan prognozlariga ko‘ra, 8-sentabr kuni Qoraqalpog‘istonning ayrim tumanlarida, 9 va 11-sentabr kunlari esa Xorazm viloyati hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududlarida biroz yog‘ingarchilik bo‘lishi, 10 va 11-sentabrda Buxoro va Navoiy hududlarida ham biroz yog‘inli kunlar kuzatilishi keltirilgan.

Boshqa hududlarda yog‘ingarchilik bo‘lmasligi kutilmoqda. Dam olish kunlariga borib esa tog‘larda qisqa muddatli jala yog‘ishi mumkinligi qo‘shimcha qilingan. Quyidagi prognoz xaritasida hafta davomida joylarda kuzatilishi mumkin bo‘lgan umumiy yog‘ingarchilik miqdori berilgan.

Xorazm viloyati, Qoraqalpog‘iston hamda tog‘larda haftaning ish kunlari tunda deyarli bir xil salqin harorat saqlanib, bu hududlarda havo harorati minimumlari +10…+15 daraja oralig‘ida o‘zgaradi. Boshqa viloyatlarda esa bu ko‘rsatkich +13…+18 daraja oralig‘ida, 9−10-sentabr kunlari esa +15…+20 daraja oralig‘ida bo‘lishi kutiladi. Ammo kunduzlari vodiy viloyatlaridan tashqari ko‘plab hududlarda havo harorati tungi va tonggi muddatlardagidek bir xil tebranishga ega bo‘lmaydi.

Masalan, shimol hududlarda hafta boshlarida kunduzgi +34 daraja issiqlik hafta o‘rtalariga kelib +28 darajali issiqqa almashadi. Vodiy va janubiy viloyatlarni hisobga olmaganda, respublikaning katta qismida hafta boshida +35 darajagacha issiq hafta o‘rtalarida +38 darajagacha issiq haroratga o‘zgarib, juma kuni +32 darajagacha tushadi. Hafta davomida vodiyda +30…+35 daraja issiq kutilsa, janub viloyatlarida hafta o‘rtalarida harorat +39 darajagacha yetadi. Hafta o‘rtalarida shimol va cho‘l tomonlarda, juma va shanba kunlari esa respublikaning boshqa ko‘plab viloyatlarida kuchli shamollar esib, chang-to‘zon ko‘tarilishi mumkin.

O‘zgidrometning boshqa bir axboroti hamda Yevropa o‘rta va uzoq muddatli ob-havo prognoz markazi (ECMWF) prognozlariga ko‘ra, ushbu hafta respublikaning katta qismida o‘rtacha havo harorati me’yor atrofida, ayrim hududlarda esa me’yordan 1−3 daraja yuqori bo‘lishi, yog‘ingarchilik miqdori esa shimol va Qizilqum cho‘llarida ko‘proq kuzatilishi mumkinligi anglashilgan.

Shunday qilib, haftaning ish kunlari respublika bo‘ylab kunduzlari sezilarli issiq, tun va tongda esa kuzgi salqin havo kuzatilishi oydinlashgan. Bu o‘tgan haftaga nisbatan ancha issiq bo‘lishini anglatadi.

Hafta davomida haroratning bir ko‘tarilib, bir pasayishi inson fiziologiyasiga ta’sir qilishi mumkin. Ayniqsa, bolalar, keksalar va surunkali kasalliklari bor kishilarda bu sezilarli ta’sir kuchiga ega bo‘ladi. Bunday keskin o‘zgarish organizmning termoregulyatsiya tizimiga qo‘shimcha yuklama beradi: tunda organizm issiqlikni saqlaydi, kunduzi esa tana sovishi uchun qon tomirlari kengayadi va terlash kuchayadi. Sutkalik haroratdagi katta farq yurak-qon tomir va nafas tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi tadqiqotlarda ko‘rsatilgan.

Sentabr kunlaridagi keskin harorat farqida organizmga tushadigan yuklamani kamaytirish uchun kunduzgi issiq paytlarda uzoq qolmaslik, og‘ir jismoniy mehnatni ertalab yoki kechqurun bajarish va yetarli miqdorda suv ichish tavsiya etiladi. Kunduzi yengil va havo o‘tkazuvchi kiyim kiyish, quyoshdan himoyalanish, kechasi esa salqin havoga mos kiyinish muhim. Konditsionerdan foydalanganda juda sovuq rejimdan saqlanish lozim.

Hafta o‘rtalarida respublikaning katta qismida aholi bir sutkaning o‘zida turlicha issiqlikni his qilishi mumkin. Bunday harorat kontrastlari kun davomida kiyinish tartibiga ham ta’sir qiladi. Shunga qaramay, joriy hafta ish kunlaridagi harorat ko‘plab hududlarda asosan yengil kiyim kiyishga undaydi. Shimol hududlaridan tashqari respublika bo‘ylab chorshanba va payshanba kunlari, janubda esa juma kuni ham hafta uchun eng issiq kunlar hisoblanib, ushbu kunlarda kunduzgi muddatlarda harorat sezilarli yuqori saqlanib, issiq bioiqlimiy sharoitni taqdim etadi.

Quyosh faolligi bo‘yicha mavjud prognozlar bu hafta boshida “qizil” xavf darajasidagi geomagnit bo‘roni ehtimoli yuqori ekanini ko‘rsatyapti.

Xususan, seshanba kuni ham “sariq” xavf darajasidagi magnit bo‘roni xavfi mavjud. Ish haftasining boshqa kunlari uchun asosan “yashil” darajadagi magnit bo‘roni prognoz qilinmoqda.

O‘zgidromet agentligi hafta o‘rtalari va juma, shanba kunlari ko‘plab hududlarda qisqa muddatli kuchli shamollar quruq tuproqdan chang ko‘tarilishini kuchaytirishi, shamol susayib, atmosfera turg‘unlashgan ayrim davrlarda mayda dispers zarrachalarning havoda to‘planishini kuchaytirishi mumkinligini ma’lum qilmoqda.

Havoda ifloslanish ortsa yoki mayda zarrachalar bilan bog‘liq ifloslanish yuz berganida qanday harakat qilish bo‘yicha Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi aholining turli yosh qatlamlari va bemorlar uchun tayyorlagan tavsiyalari bilan tanishib qo‘yish zarar qilmaydi.

Shunday qilib, 7−13-sentabr kunlari O‘zbekistonda ob-havo bir maromda kechmaydi: hafta boshida issiqlik kuchayib, hafta o‘rtasida jazirama avjiga chiqadi, keyin esa shimoldan boshlangan salqin havo oqimi dam olish kunlariga borib respublika bo‘ylab haroratni pasaytiradi. Shu bois bu haftada asosiy xususiyat — nafaqat issiqlik, balki uning tez o‘zgarib turishidir.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.