Sud nizolaridan yangi investitsiyalargacha. Prezident Sulton Tex Group’ni qo‘llab-quvvatlashga topshiriq berdi
Sulton Tex Group rahbari Nurbek Ergashev Qashqadaryoda ishlab chiqarishni kengaytirish rejalarini taqdim etdi. Prezident hukumat qarorini tayyorlash va Milliy bank orqali moliyalashtirishni ishlab chiqishni topshirdi. 2020-yilda klaster faoliyati to‘xtatilgani sababli amaldorlar bilan sudlashgan edi.

Sud tortishuvlaridan yangi sarmoyalargacha. Prezident Sulton Tex Group’ni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha topshiriq berdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Milliy bankka Qashqadaryodagi Sulton Tex Group to‘qimachilik klasterini kengaytirishni moliyalashtirish masalasini ishlab chiqishni topshirdi. Hozirda qariyb 8000 kishi ishlayotgan kompaniya ish o‘rinlari sonini sezilarli darajada oshirishni rejalashtirmoqda.
Bu haqda davlat rahbari 21-oktabr kuni “Qashqadaryo” erkin iqtisodiy zonasidagi Sulton Tex Group fabrikasiga tashrifi vaqtida ma’lum qildi. Uning korxona rahbari Nurbek Ergashev bilan suhbati tafsilotlari “Axborot 24” dasturida ko‘rsatildi.
Tashrif davomida prezident ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi, xodimlar bilan suhbatlashdi va tadbirkor bilan klasterni rivojlantirishning keyingi rejalarini muhokama qildi. Davlat rahbarining aytishicha, bir necha ming kishini ish bilan ta’minlayotgan korxona viloyatdagi yirik sanoat loyihalaridan biriga aylanishi mumkin.
“Nima uchun men bu loyihani ijtimoiy deb atayapman? Chunki u shuncha odamni ish bilan ta’minlamoqda. Uni Qashqadaryoning drayver loyihasiga aylantirish uchun Vazirlar Mahkamasining qarori kerak. Biz uning imkoniyatlarini ikki barobarga oshirish uchun sharoit yaratamiz”, — dedi Mirziyoyev.
Prezident Milliy bankni jalb etgan holda klasterni xolding tipidagi yirik kompaniya sifatida rivojlantirishni taklif qildi.
“Biz uni xoldingga o‘xshash katta kompaniyaga aylantiramiz. Men Milliy bankka topshiriq beraman. Hozir hisob-kitoblarni qilinglar. Bir oy ichida qaror qabul qilamiz, necha million kerakligini belgilaymiz. Men bu jarayonni tezlashtirish uchun mablag‘ ajratmoqchiman”, — dedi u.
Prezident moliyalashtirishning aniq miqdori, shartlari va manbalariga aniqlik kiritmadi.
Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, Nurbek Ergashev 2030-yilga borib ish o‘rinlari sonini 30 mingtaga yetkazishga va’da bergan. Prezident, shuningdek, tadbirkor kelgusida mahsulot eksportini 150 mln dollarga yetkazishni maqsad qilayotganini aytdi.
“Bugun men Sulton Tex Group’ga bordim. Nurbek bilan ko‘p marta gaplashganmiz. Har safar kelganimda, u yangilikka intildi, masalalarni ko‘tardi va katta sa’y-harakatlarni amalga oshirdi. 8000 ta ish o‘rni yaratdi. Maoshlar vaqtida to‘lanmoqda, xarajatlar va hisob-kitoblar o‘z vaqtida olib borilmoqda”, — deb ta’kidladi davlat rahbari investorlar bilan uchrashuvda.
22-oktabr kuni Qashqadaryo viloyatini rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda Mirziyoyev tadbirkorning rejalariga yana qaytdi. Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, bunda 2028-yilgacha yana 30 ming kishini ish bilan ta’minlash, jumladan, xotin-qizlarni ishga joylashtirish imkoniyatlarini kengaytirish niyati haqida so‘z borgan.
Prezident, shuningdek, Nurbek Ergashevga “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan tadbirkor” faxriy unvonini berish to‘g‘risidagi farmonni imzolaganini ma’lum qildi.
87 mln dollarlik yangi investitsiya loyihalari
Tashrif chog‘ida Mirziyoyev Sulton Tex Group’ning mato ishlab chiqarish va bo‘yash bo‘yicha yangi fabrikasi bilan tanishdi.
Korxona “Qashqadaryo” erkin iqtisodiy zonasi hududida joylashgan.
Loyiha qiymati 54 mln dollarni tashkil etdi. 12 gektar maydonda yiliga 20 ming tonna mato ishlab chiqarish va bo‘yashga mo‘ljallangan quvvatlar joylashtirilgan. Fabrikada 840 ta ish o‘rni yaratilgan.
Korxonada suv va elektr energiyasi sarfini kamaytirishga alohida e’tibor qaratilgan. Prezident matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, qiymati 3 mln dollar bo‘lgan yopiq suv aylanmasi tizimi ishlab chiqarishda foydalanilgan suvning 95 foizdan ortig‘ini tozalash va qayta ishlatish imkonini beradi. Ma’lum qilinishicha, yillik tejamkorlik 1,1 mln kub metrni tashkil etadi.
Prezident ushbu tajribani mamlakatdagi boshqa to‘qimachilik korxonalarida ham ommalashtirishga ko‘rsatma berdi.
Fabrikani uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun gaz generatori o‘rnatilgan. Binoning tomi va devorlarida umumiy quvvati 3,5 MVt bo‘lgan quyosh panellari joylashtirilgan.
Taqdimot vaqtida korxona vakili prezidentga quyosh panellariga kiritilgan sarmoya 24 mlrd so‘mni tashkil etganini ma’lum qildi. Uning hisob-kitobiga ko‘ra, ular har yili taxminan 10,4 mlrd so‘mni tejash imkonini beradi, o‘zini oqlash muddati esa ikki yil-u ikki oyni tashkil etadi.
Ko‘zdan kechirish chog‘ida prezident resurs tejamkor texnologiyalarni joriy etish mahsulot tannarxini pasaytirish va korxonalarning raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
“Yangi avlod tadbirkorlarimiz sharofati bilan biz bugun butunlay yangi bosqichga chiqyapmiz. Ular nafaqat qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratmoqda, balki yashil texnologiyalarni joriy etish orqali atrof-muhitga g‘amxo‘rlik qilmoqda”, — dedi Mirziyoyev.
Sulton Tex Group ishlab chiqarishni kengaytirishni davom ettirmoqchi. Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, kompaniya “Qashqadaryo” erkin iqtisodiy zonasida 3570 ta ish o‘rni yaratishni ko‘zda tutuvchi, qiymati 70 mln dollarlik yangi loyihani amalga oshirish niyatida.
Viloyatning boshqa tumanlaridagi loyihalarga yana 17 mln dollar yo‘naltirish rejalashtirilgan. Ular 1220 kishini ish bilan ta’minlashi kutilmoqda.
Sulton Tex Group — Qashqadaryo viloyatida paxta yetishtirish va qayta ishlash, ip-kalava, mato va tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi to‘qimachilik kompaniyasi.
Prezident uning korxonalariga avval ham tashrif buyurgan.
2018-yil dekabr oyida Mirziyoyev Qarshidagi ishlab chiqarishning ikkinchi bosqichi bilan tanishgan. O‘shanda sobiq paxta tozalash zavodi hududida Shveysariya va Yaponiyadan keltirilgan uskunalar bilan jihozlangan korxona faoliyat yuritgan. Unda qariyb 300 kishi ishlagan.
2018-yilning to‘liq bo‘lmagan davrida korxona Polsha, Turkiya, Eron, Misr va boshqa mamlakatlarga 12 mln dollarlik mahsulot eksport qilgan. Ichki bozorga esa 50 mlrd so‘mlik tovarlar yetkazib berilgan.
O‘shanda korxonada yiliga 3000 tonna trikotaj mato ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirilgan edi. Keyingi bosqichlarda mato ishlab chiqarish, ularni bo‘yash va tayyor kiyim-kechak tikishni yo‘lga qo‘yish nazarda tutilgandi.
2023-yil oktabr oyida prezident klasterning 8,2 mln dollarga qurilgan yana bir tikuvchilik korxonasiga tashrif buyurgandi.
Uning quvvati yiliga 5 mln dona kiyim-kechak va trikotaj mahsulotlarini tashkil etgan, mahsulotlar esa, xususan, AQSh, Kanada, Polsha, Singapur va Rossiyaga eksport qilingan.
Prezident matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, o‘sha davrda klasterning paxta yetishtirishdan tortib tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan butun ishlab chiqarish zanjirida qariyb 3 ming kishi ishlagan.
2025-yil may oyida Sulton Tex Group Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumanida qiymati 7 mln dollar bo‘lgan tikuv-trikotaj fabrikasi qurilishini boshladi. Loyiha doirasida 500 ta doimiy ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.
2026-yil oktabriga kelib, prezidentning ma’lum qilishicha, klasterdagi ish o‘rinlari soni 8000 taga yetgan.
Avvalroq kompaniya paxta-to‘qimachilik klasteri sifatidagi faoliyati to‘xtatilgani sababli Qashqadaryo rasmiylari bilan sudlashgan edi.
Gazeta tadbirkorning muammosi haqida batafsil yozgan va sud jarayonini yoritib borgan.
2020-yilda Nurbek Ergashev sobiq bosh vazir o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev, sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayev (hozirda bosh vazir o‘rinbosari) va boshqa mansabdor shaxslarga nisbatan sudga murojaat qilgan edi.
Tadbirkor kompaniyani klasterlar ro‘yxatidan chiqarish to‘g‘risidagi qaror asossiz ekanini va bu uning faoliyatiga zarar yetkazganini ta’kidlagan.
O‘sha yilning iyun oyida Qarshi tumani ma’muriy sudi mahalliy hokimiyat organlarining ayrim xatti-harakatlarini noqonuniy deb topib, Sulton Tex Group arizasini qisman qanoatlantirdi. Biroq keyinroq kompaniya apellyatsiya jarayonida yutqazgan.
2020-yil avgustida Ergashev hukumatning xatti-harakatlari natijasida korxona 10,7 mlrd so‘m miqdorida zarar ko‘rgani va 490 nafar xodim ishsiz qolganini ma’lum qilgan edi.
Jamshid Xodjayev klaster shaklidagi ishlab chiqarishning barcha ishtirokchilari huquq va majburiyatlarini belgilovchi me’yoriy-huquqiy baza hanuzgacha yo‘qligini tan olgan edi.
Oradan olti yil o‘tdi, ammo qonunchilik bazasi hanuz yaratilgani yo‘q.

