Qashqadaryoda 6 mlrd dollarlik loyihalarga start berildi
Prezidentning Qashqadaryoga tashrifida 69 ta loyiha ishga tushirildi, yana 92 tasining qurilishiga start berildi. Xususan, Italiya brendi – trikotaj ishlab chiqarish, AQShlik hamkorlar – meva-sabzavotni qayta ishlash, xitoylik investorlar esa chiqindidan tok ishlab chiqaradigan zavodni tashkil etmoqda. Rossiyalik investorlar bilan Shahrisabzda 300 mln dollarlik dor yoʻli, mehmonxona va togʻ-changʻi kurorti quriladi.

Qashqadaryoda 6 mlrd dollarlik loyihalar yoʻlga qoʻyildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga tashrifi doirasida yangi loyihalarni ishga tushirish va qurilishiga start berish marosimida qatnashdi.
Davlat rahbari taʼkidlaganidek, soʻnggi besh yil ichida viloyatga 20 trillion soʻm yoʻnaltirildi va 7 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilindi. Xomashyoni chuqur qayta ishlashga qaratilgan minglab loyihalar amalga oshirildi, aholi jon boshiga daromad uch baravar oshdi.
“Endi yetishtirilgan mahsulotni viloyatning oʻzida chuqur qayta ishlab, voha aholisining munosib daromad topishiga sharoit yaratish kerak”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu maqsadda umumiy qiymati 6 milliard dollardan oshadigan 161 ta loyiha tayyorlandi. Marosimda 69 ta loyiha ishga tushirildi, yana 92 tasining qurilishiga start berildi.
Ishga tushirilayotgan 28 ta sanoat korxonasida qariyb 7 mingta doimiy ish oʻrni yaratilmoqda. Italiyaning “Cotonella” brendi yiliga 8,5 million dona tayyor trikotaj mahsuloti ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻymoqda. Koson, Mirishkor va Kasbi tumanlarida toʻqimachilik yoʻnalishida yana 14 ta loyiha boshlanmoqda. Ular hisobidan 18 mingta ish oʻrni yaratilishi rejalashtirilgan.
Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlashda ham yangi quvvatlar barpo etilmoqda. AQShlik hamkorlar ishtirokidagi “Wosune Food Ingredients Karshi” korxonasi 3,5 ming gektar maydonda yetishtiriladigan 100 ming tonna meva-sabzavotni qayta ishlaydi. Uning 40 million dollarlik mahsuloti “Nestlé” va “Purina” kabi xalqaro brendlar uchun eksportga yoʻnaltirilishi rejalashtirilgan. Misr va Pokiston investorlari esa Nishon va Gʻuzor tumanlarida 24 ming gektar yerni oʻzlashtirib, kartoshkachilik va chorvachilik loyihalarini boshlamoqda.
Oqsuv daryosida umumiy quvvati 24 MW boʻlgan uchta gidroelektr stansiyasi ishga tushirildi. Qarshi tumanida Xitoyning “Shanghai SUS” kompaniyasi ishtirokida chiqindidan elektr energiyasi ishlab chiqaradigan 150 million dollarlik zavodni yil yakuniga qadar ishga tushirish rejalashtirilgan. Shuningdek, Kitob, Yakkabogʻ va Shahrisabz tumanlarida umumiy quvvati 58 megavatt boʻlgan toʻqqizta mikroGES barpo etiladi.

