Soch to‘kilishi, oyoq va bel og‘rig‘i — yurak kasalligidan darak beruvchi 5 ta belgi

**Soch to‘kilishi, oyoq va bel og‘rig‘i — yurak kasalligidan darak beruvchi 5 ta belgi**
Yurak kasalligi dunyo bo‘yicha o‘limning asosiy sababi hisoblanadi. Yurak xurujining boshlanishini vaqtida payqash va shifokor bilan maslahatlashish juda muhim. Yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olish qoidalarini bilish salomatlik uchun katta ahamiyatga ega.
**Soch to‘kilishi**
Ishonish qiyin bo‘lsa-da, erkaklar va ayollarda erta soch to‘kilishi arteriyalarning tiqilib qolishi hamda qon ivish xavfining yuqoriligi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Masalan, 37 000 erkak ishtirok etgan tadqiqot natijalari soch to‘kilishi bilan yurak-qon tomir kasalliklari rivojlanishi o‘rtasidagi aloqani tasdiqlagan. 4000 dan ortiq ayol qatnashgan yana bir tadqiqot esa bu belgi ayollarda ham uchrashini ko‘rsatgan. Shu sababli, soch to‘kilishi avvalgidan ko‘proq kuzatilsa, kardiolog tomonidan muntazam tekshiruvdan o‘tish tavsiya etiladi.
**Quloq burmasi**
Yurak ishemik kasalligining yana bir belgisi — quloqdagi burma yoki ajinlardir. Bu alomat so‘nggi o‘n yilliklarda o‘tkazilgan ko‘plab tadqiqotlarda qayd etilgan. Shifokorlar aytishicha, asosiy muammo qon ta’minotining yomonlashuvida: arteriyalar tiqilib qolishi sabab qon yaxshi haydalmaydi va organizm avvalo muhim organlarni kislorod bilan ta’minlashga urinadi, qolgan organlarga esa kislorod yetib borishi qiyinlashadi.
**Oyoqlarda og‘riq**
Ayniqsa, chekuvchilar bu belgiga jiddiy e’tibor berishi kerak: qon ta’minoti yomonlashgani sabab pastki ekstremitalarning arteriyalari tiqilib qoladi va oyoqdagi keskin og‘riq oqsoqlanish yoki yiqilib ketishga olib kelishi mumkin. Bunday holat yuz bersa, shifokor ko‘rigidan o‘tish, shuningdek, ko‘proq sabzavot iste’mol qilish va piyoda yurishga harakat qilish lozim.
**Bo‘yin va jag‘da og‘riq**
Bu har bir ayol bilishi kerak bo‘lgan juda muhim alomatdir: aslida ayollarda yurak xurujining dastlabki belgilaridan biri ko‘krak qafasida emas, balki bo‘yin yoki jag‘dagi og‘riq bo‘lishi mumkin. Afsuski, shu sabab ayollar ko‘pincha shifokorga juda kech murojaat qiladi, chunki ular yurak xurujidan shubhalanmaydi. Yodda tutish kerak, bo‘yin yoki jag‘dagi og‘riqlar kardiologga murojaat qilish uchun muhim sababdir.
**Bel og‘rig‘i**
Ishemik yurak kasalligining yana bir noodatiy, ammo juda keng tarqalgan alomati — bel og‘rig‘i. Qon aylanishining yetishmasligi disklarni zaiflashtirishi va umurtqa pog‘onasidagi bosimni oshirishi mumkin, natijada bel sohasida og‘riq paydo bo‘ladi. Agar bel og‘rig‘i tez-tez kuzatilsa, kardiolog bilan maslahatlashib, undan kardiogramma yoki yurakning ultratovush tekshiruvini buyurishini so‘rash maqsadga muvofiqdir.

