Soʻrovnoma: Yoʻlkira oshishiga odamlar qanday fikrda?
Toshkentda 1-oktabrdan avtobus va metro yoʻlkirasi amaldagi 1 700 soʻmdan 2 500 soʻmga oshirilishi kutilmoqda. Shuningdek, transport kartalari uchun yangi tarif rejalari va yoʻlovchilarga bir soat ichida transport almashtirishda imtiyozli tariflar joriy etilishi rejalashtirilgan. Kun.uz yoʻlkira oshishiga hamshaharlarning munosabati qanday ekanini oʻrgandi.

Soʻrovnoma: Yoʻlkira oshishiga odamlar qanday qaraydi?
Soʻrovda qatnashgan ayrimlar yoʻlkiraning ko‘tarilishini odatiy holat deb baholadi. Ularning aytishicha, transportning oʻz xarajatlari bor va tarifning oshishi ana shu xarajatlarni qoplashga yordam berishi mumkin.
«Zamon talabi, hamma joyda narx-navo koʻtarilyapti. Transportning oʻz xarajatlari bor», - deydi soʻrov ishtirokchilaridan biri.
Yana bir fuqaro metro va transport tizimining xarajatlarini inobatga olganda, yangi tarifni tushunish mumkinligini aytdi. Uning fikricha, amaldagi narx transport xarajatlarini toʻliq yopmasligi ehtimol.
Baʼzilar esa elektron toʻlovdagi chegirmalar va imtiyozlar sabab yangi tarifni uncha sezmasligini bildirdi.
«Agar hozirgidek ATTO kartalarda yoki qaysidir bank kartalarida skidkalar boʻlsa, masalan, 990 soʻmlik chegirmalar boʻlsa, men uchun unchalik sezilmaydi. Shu chegirmalar boʻlsa, yoʻlkiraning oshishi katta farq qilmaydi», - dedi fuqarolardan biri.
Soʻrovnomada qatnashganlarning hammasi ham bu fikrda emas. Ayrim respondentlar hozirgi 1 700 soʻmlik tarifni saqlab qolish kerakligini, ayniqsa talabalar va jamoat transportidan koʻp foydalanadigan qatlam uchun bu sezilarli taʼsir qilishi mumkinligini aytdi.
«Studentlarga qiyin boʻladi. Oʻqish bilan birga ishlaydiganlar ham bor, shuning uchun qiyinroq boʻladi», - dedi soʻrov ishtirokchilaridan biri.
«Sifatni oshirish, transport sifatlarini yaxshilash boʻlishi kerak», - dedi respondentlardan biri.
Bungacha Toshkentda avtobus va metro yoʻl haqi 1 400 soʻm boʻlgan va bu tarif 2019-yil 15-avgustdan amal qilgan.

