Mahalliy

Toshkentda tadbirkorlar uchun garovsiz kredit limiti 200 mln so‘mga oshiriladi

Toshkentda biznes boshlamoqchi bo‘lgan tadbirkorlar uchun garovsiz kredit limiti 200 mln so‘mga oshiriladi

Toshkentda biznes boshlash niyatidagi tadbirkorlar uchun garovsiz kredit miqdori 200 mln so‘mga ko‘tariladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan Toshkent shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, investitsiya va bandlikni oshirish, mahallalarda zamonaviy infratuzilma yaratish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida aytib o‘tildi.

Mahallalarda kichik biznes hamda xizmatlar sohasini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlardan samarali foydalanish zarurligi ta’kidlandi.

Ko‘p kvartirali uylarning birinchi qavatlarini savdo va servis faoliyatiga moslashtirish imkoniyatlari kengaytirilmoqda. Shu bilan birga, Toshkent shahrida biznes boshlamoqchi bo‘lgan tadbirkorlar uchun garovsiz kredit limiti 100 mln so‘mdan 200 mln so‘mga oshiriladi.

Olmazor tumanida ushbu imkoniyatlardan foydalanib, joriy yilning o‘zida 300 nafar yangi tadbirkorni qo‘llab-quvvatlash va mingta ish o‘rni yaratish belgilandi. Mazkur tajribani poytaxtning boshqa tumanlariga ham yoyib, yil yakunigacha 20 ming nafar aholini daromadli ish bilan ta’minlash vazifasi qo‘yildi.

Miskin va Ibrohim ota mahallalari hududidagi 305 gektar sanoat zonasida 504 ta tadbirkorlik obyekti mavjud. Ularning aksariyati 1-2 qavatli binolarda joylashgani sababli hududning iqtisodiy salohiyatidan to‘liq foydalanilmayapti.

Bu yerda ish o‘rinlarini hozirgi 35 mingtadan 100 mingtaga, eksport hajmini esa 600 mln dollarga yetkazish imkoniyati borligi ko‘rsatib o‘tildi.

Tadbirkorlarga sanoat ipotekasi, kredit va lizing kabi qulay moliyaviy instrumentlarni taklif etish orqali sanoat hududida yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan yangi loyihalarni boshlash belgilandi.

Olmazor tumanida mehnat bozori talabi bilan kadrlar tayyorlash tizimi o‘rtasidagi bog‘liqlikni kuchaytirish masalasi ham muhokama qilindi.

Bugun tumandagi ish beruvchilarga 4 mingdan ziyod o‘rta maxsus ma’lumotli hamda qariyb ming nafar maxsus ma’lumot talab etilmaydigan yo‘nalishlarda ishchi kuchiga ehtiyoj mavjud.

Shu bois, Olmazor kasbiy ko‘nikmalar markazi negizida axborot texnologiyalari va ilg‘or innovatsiyalar bo‘yicha 400 o‘rinli texnikum, sobiq Toshkent arxitektura-qurilish kolleji binosida zamonaviy kasb-hunar markazi tashkil etiladi. Boshqa mavjud binolardan ham kasbga o‘qitish maqsadida samarali foydalaniladi.

Xorij mehnat bozoriga maqsadli tayyorgarlikni kuchaytirish uchun Germaniyaning xususiy o‘quv markazlari bilan 500 kishiga mo‘ljallangan nemis tili kurslarini tashkil etish, Chexiya va Slovakiya uchun tibbiyot xodimlarini tayyorlash rejalashtirilgan.

Shuningdek, Germaniya, Yaponiya, Koreya va Buyuk Britaniyadan 20 ta yirik rekruting kompaniyasini jalb qilish, Fransiya kompaniyalari bilan yiliga 1,5 ming nafar fuqaroni mavsumiy ishlarga joylashtirish bo‘yicha loyihalar amalga oshiriladi. Yoshlar shaharchasida 42 gektar maydonda IT-park, yuqori texnologiyali sanoat va ta’lim obyektlarini birlashtirgan innovatsion klasterni tashkil etish ishlarini yil yakuniga qadar boshlash vazifasi qo‘yildi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.