Shavkat Mirziyoyev Serbiyaga rasmiy tashrifini yakunlab, Toshkentga uchib ketdi

Shavkat Mirziyoyev Serbiyaga rasmiy tashrifini yakunlab, Toshkentga joʻnab ketdi
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Serbiyaga ilk rasmiy tashrifi dasturi yakunlandi. Nikola Tesla nomidagi xalqaro aeroportda oliy martabali mehmonni Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich rafiqasi bilan kuzatib qoʻydi, shundan soʻng Oʻzbekiston rahbari Toshkentga uchib ketdi.
Serbiya havo hududida Prezident samolyotini ushbu mamlakat Harbiy-havo kuchlari qiruvchi samolyotlari kuzatib bordi.
Ushbu tashrif ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi bosqich boʻldi. Muzokaralar yakunida ikki davlat rahbarlari Strategik sheriklik munosabatlarini oʻrnatish toʻgʻrisidagi Qoʻshma deklaratsiyani imzoladilar, shuningdek, asosiy yoʻnalishlar boʻyicha kelishuvlarni mustahkamlovchi hujjatlar paketini almashdilar. Dasturning amaliy qismi doirasida Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Vuchich qoʻshma Oʻzbekiston-Serbiya biznes-forumida ishtirok etdilar.
Tadbirlar davomida Oʻzbekiston Prezidentiga Serbiyaning oliy davlat mukofoti — Katta zanjirdagi Serbiya Respublikasi ordenini topshirish tantanali marosimi boʻlib oʻtdi. Bundan tashqari, Belgrad koʻchalaridan biriga "Toshkent" nomi berildi.

