Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryoda Sintszyan texnologiyasi boʻyicha paxta yetishtirish bilan tanishdi

Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryoda Sintszyan texnologiyasi boʻyicha paxta yetishtirish jarayoni bilan tanishdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatining Gʻuzor tumanidagi "Qashqadaryo Jingu" korxonasi tomonidan Sintszyan texnologiyasi boʻyicha paxta yetishtirilayotgan paxta dalasida boʻldi.
Davlat rahbariga urugʻ ekish, sugʻorish va ekinlarni parvarishlashda qoʻllanilayotgan usullar koʻrsatildi. 2,2 ming gektar maydonda chigit plyonka ostiga qoʻshqator qilib ekilgan, sugʻorish esa toʻliq tomitib sugʻorishga oʻtkazilgan. Plyonka qoʻllanishi tuproqda namlik va issiqlikni saqlashga yordam berib, niyhollarning erta va qiygʻos unab chiqishini taʼminlaydi, suv va oʻgʻitlarning oʻsimlik ildiziga manzilli yetkazib berilishi esa suv sarfini 30–40 foizga, oʻgʻitlarni deyarli 30 foizga kamaytiradi, bunda hosilning yetilishi anʼanaviy usullarga nisbatan 10–15 kunga tezlashadi.
Prezident shuningdek, hosil yigʻim-terimi yakunlari va dala ishlarini tezlashtiradigan hamda yonilgʻi sarfini kamaytiradigan agrodronlar faol qoʻllanilayotgan agrotexnik jarayonlarning tashkil etilishi bilan tanishdi. Sintszyan usulining joriy etilishi standart 30–35 tsentner oʻrniga gektaridan 60–70 tsentnergacha paxta olish imkonini beradi. Korxona dalalarida oʻrtacha hosildorlik gektariga 55 tsentnerga yetdi, yalpi hosil yigʻimi esa 12,3 ming tonna xomashyoni tashkil etdi.
Xitoy investitsiyalari ishtirokida tashkil etilgan "Qashqadaryo Jingu" agroklasteri Koson, Nishon, Gʻuzor, Koʻkdala va Mirishkor tumanlaridagi 18,3 ming gektar maydonni qamrab oladi. Ushbu yerlarning salmoqli qismini ilgari foydalanilmagan va choʻl hududlar tashkil etgan. Loyihani amalga oshirishga 128 million dollar yoʻnaltirilgan, 50 ta ish oʻrni yaratilgan, mahsulot eksporti hajmi esa 8,5 million dollarga yetgan. Bundan tashqari, tashrif davomida davlat rahbariga hudud qishloq xoʻjaligini rivojlantirish boʻyicha hisobot taqdim etildi.

