Mahalliy

Shavkat Mirziyoyev Andijon-Huanya xalqaro texnikumini borib ko‘rdi

Shavkat Mirziyoyev Andijon-Huanya xalqaro texnikumiga tashrif buyurdi

Shavkat Mirziyoyev 23-sentyabr kuni Andijon tumanidagi “Ipak yoʻli” sanoat zonasi hududida joylashgan texnikum faoliyati bilan tanishdi.

Prezident matbuot xizmati xabarida ta’kidlanishicha, mamlakatda yangi sanoat korxonalarini ishga tushirish bilan birga ular uchun malakali mutaxassislar tayyorlashga ham ustuvor ahamiyat berilmoqda. Bunda taʼlim jarayonini ishlab chiqarish bilan uzviy bogʻlash muhim o‘rin tutadi. Andijon-Huanya xalqaro texnikumi aynan shu maqsadda tashkil etilgan.

Loyihaning umumiy qiymati 15 million dollarni tashkil etib, u toʻliq xorijiy investitsiyalar hisobiga amalga oshirildi. Toʻrt gektar maydonda 5 ming nafar oʻquvchiga moʻljallangan oʻquv binosi qurib bitkazildi. Keyingi bosqichda yotoqxona, laboratoriya binosi, sport maydonchasi, oshxona va yashil hudud barpo etiladi.

Muassasada dual taʼlim tizimi joriy etilgan. Oʻquvchilar nazariy bilimlarni texnikumda oladi, amaliyotni esa sanoat zonasidagi yirik korxonalarda oʻtaydi. Shu tariqa ular oʻqish davridayoq ishlab chiqarish jarayoni, zamonaviy uskuna va texnologiyalar bilan yaqindan tanishadi.

Hozirda bu yerda 210 nafar oʻquvchi tahsil olmoqda. 2030-yilga qadar yillik qabulni 1 ming 800 nafarga, oʻquvchilarning umumiy sonini esa 4 ming nafarga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, taʼlim yoʻnalishlari soni 20 tagacha koʻpaytiriladi.

Prezident texnikumda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, yoshlar va investor bilan suhbatlashdi.

Davlat rahbari Andijon viloyatida ikki kun davomida bo‘ladi. Tashrifni dastlab Andijon xalqaro aeroportida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishishdan boshladi. So‘ng Andijon tumanida sun’iy intellekt va gumanoid robotlardan foydalanayotgan Eco Cotton korxonasini borib ko‘rdi. Kichik gidroelektr stansiyalari uchun zarur uskunalar ishlab chiqarish boʻyicha amalga oshirilayotgan loyiha bilan tanishdi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.