Prezident Qashqadaryoga tashrifni to‘qimachilik klasteridan boshladi
Viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha joriy yil 13-martda qabul qilingan qaror doirasida klaster tomonidan mato ishlab

Prezident Qashqadaryoga tashrifni to‘qimachilik klasteridan boshladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga tashrif buyurib, «Qashqadaryo» erkin iqtisodiy zonasidagi «Sulton Tex Group» to‘qimachilik klasteri fabrikasi faoliyati bilan tanishdi.
Viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha joriy yil 13-martda qabul qilingan qaror doirasida klaster tomonidan mato ishlab chiqarish va bo‘yash fabrikasi barpo etildi. Qiymati 54 million dollar bo‘lgan loyiha hisobiga yiliga 20 ming tonna mato ishlab chiqarish va bo‘yash quvvatiga ega liniyalar ishga tushirildi. Fabrikada 840 ta ish o‘rni yaratildi.
Korxonada suv va energiya sarfini qisqartirishga alohida e’tibor qaratilgan. Qiymati 3 million dollar bo‘lgan yopiq suv aylanishi tizimi ishlab chiqarishda ishlatilgan suvning 95 foizdan ortig‘ini tozalab, qayta foydalanish imkonini beradi. Natijada yiliga 1,1 million kub metr suv tejaladi.
Fabrikani uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun gaz generatori o‘rnatilgan. Bino tomi va devorlariga umumiy quvvati 3,5 megavatt bo‘lgan quyosh panellari joylashtirilgan. Bu yechimlar elektr energiyasi, issiq suv va bug‘ ta’minoti xarajatlarini kamaytirib, mahsulot tannarxini pasaytirishga xizmat qiladi.
Kelgusida «Sulton Tex Group» klasteri mazkur erkin iqtisodiy zonada 70 million dollarlik loyihani amalga oshirib, 3 ming 570 ta ish o‘rni yaratishi rejalashtirilgan. Viloyatning boshqa tumanlaridagi qiymati jami 17 million dollar bo‘lgan loyihalar esa yana 1 ming 220 kishini ish bilan ta’minlashi ko‘zda tutilmoqda.
Davlatimiz rahbari fabrikadagi ishlab chiqarish jarayoni hamda mahsulotlar ko‘rgazmasi bilan tanishdi. U yerda joriy etilgan resurs tejamkor texnologiyalar boshqa to‘qimachilik korxonalari uchun namuna bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
Korxonada mehnat qilayotgan Dilorom Xoliyorova Prezidentimiz bilan suhbatda ish o‘rni va yaratilgan sharoitlardan mamnun ekanini aytib, ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlov uchun minnatdorlik bildirdi.
– Inson mehnat qilsa, albatta, natijasi ham boshqacha bo‘ladi. Mana shu yangi avlod tadbirkorlarimiz bilan hozir mutlaqo boshqa darajaga chiqyapmiz, ular nafaqat qo‘shimcha qiymat zanjiri yaratyapti, balki «yashil» texnologiyalar bilan ekologiyaga g‘amxo‘rligini ham namoyon etmoqda.

