Mahalliy

Xitoy kompaniyasi Qashqadaryoda 150 mln dollarlik chiqindidan elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi zavod qurmoqda

Korxona ishga tushgach, yiliga 240 million kilovatt-soatdan ortiq elektr energiyasi ishlab chiqarilishi kutilmoqda

Qashqadaryo viloyatida Xitoy kompaniyasi tomonidan 150 million dollarlik chiqindidan elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi zavod qurilmoqda. Ushbu loyiha to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobidan chiqindilarni qayta ishlash va muqobil elektr energiyasi ishlab chiqarishni maqsad qilgan.

O‘zbekistonda har yili 14 million tonnadan ziyod maishiy chiqindi hosil bo‘ladi, Qashqadaryo viloyatida esa bu ko‘rsatkich 930 ming tonnani tashkil etadi. Qarshi tumanida barpo etilayotgan ushbu zavod loyihasining umumiy qiymati 150 million dollarni tashkil etib, uni Xitoy kompaniyasi amalga oshirmoqda. Korxona 8 gektar maydonni egallaydi.

Loyiha rejasiga ko‘ra, zavodda kuniga 1 500 tonna, oyiga esa 45 ming tonna chiqindi qayta ishlanadi. Korxona to‘liq ishga tushgach, yiliga 240 million kilovatt-soatdan ortiq elektr energiyasi ishlab chiqarishi kutilmoqda.

Loyiha vakillarining ta’kidlashicha, chiqindilarni qayta ishlash jarayonida atmosferaga zararli gazlar chiqishining oldini olishga alohida e’tibor qaratilgan. Zavodga ekologik ta’sirni kamaytiruvchi zamonaviy filtrlar o‘rnatilmoqda. Atmosferaga chiqarilayotgan gazlar viloyat Ekologiya boshqarmasi tomonidan muntazam ravishda monitoring qilib boriladi.

Hozirda zavod qurilishi jadal sur’atlarda davom etmoqda. Qurilish ishlariga 30 ga yaqin zamonaviy texnika, shuningdek, 300 dan ortiq mahalliy va xitoylik ishchi hamda mutaxassislar jalb qilingan.

Loyiha doirasida mahalliy kadrlarni tayyorlashga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Bugungi kunga qadar 20 nafarga yaqin mahalliy talaba xitoylik mutaxassislar ishtirokida o‘qitilgan. Kelgusi besh yil ichida korxona xodimlarining 80–90 foizini mahalliy kadrlar tashkil etishi rejalashtirilgan.

Zavod uchun Xitoydan eng zamonaviy texnologiyalar olib kelingan. Ushbu loyiha chiqindilarni qayta ishlash hajmini oshirish, ekologik vaziyatni yaxshilash va elektr energiyasi ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan.