Shavkat Mirziyoyev Ibn Sinoning bolaligi haqidagi tarixiy filmning suratga olish maydonchasiga tashrif buyurdi

Shavkat Mirziyoyev Ibn Sinoning bolaligi haqidagi tarixiy filmning suratga olish maydonchasida boʻldi
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev "Oʻzbekfilm" kinostudiyasida buyuk olim Abu Ali ibn Sinoning bolalik yillariga bagʻishlangan "Husayn" tarixiy badiiy filmini suratga olish maydonchasini koʻzdan kechirdi. Film Bolalar kontentini rivojlantirish markazi buyurtmasiga koʻra yaratilmoqda.
Suratga olish ishlari uchun kinostudiya hududida tarixiy davr maishiy hayoti va muhitini aks ettiruvchi keng koʻlamli dekoratsiyalar barpo etildi. Davlat rahbari qurilgan qalʼa devorlari, qadimiy koʻchalar va bozor maydonlarini koʻrdi, shuningdek, suratga olish jarayonida foydalanilayotgan tarixiy liboslar va rekvizitlar bilan tanishdi. Film syujeti yosh Husayn ibn Abdullohning kamol topishi, uning tibbiyotga boʻlgan qiziqishi, insonparvarligi, ilm-fanga intilishi va ustozlariga sadoqatini koʻrsatib beradi.
Ijodiy guruh bilan suhbatda Shavkat Mirziyoyev davlat buyuk ajdodlarimiz hayoti haqida hikoya qiluvchi milliy ruhdagi kinoloyihalarni qoʻllab-quvvatlashni bundan buyon ham kuchaytirishini taʼkidladi. Qurilgan dekoratsiyalar sifatini alohida qayd etib, prezident oʻsib kelayotgan avlod mintaqaning ilmiy va madaniy merosi bilan tanishishi uchun ekranda tarixni haqqoniy gavdalantirish muhimligini koʻrsatib oʻtdi.
"Husayn" filmini suratga olish ishlari mutafakkirning ilmiy merosini chuqur oʻrganish va ommalashtirish boʻyicha 2030 yilgacha moʻljallangan "yoʻl xaritasi" doirasida amalga oshirilmoqda. Ushbu dasturiy hujjatda Abu Ali ibn Sino tavalludining 1050 yilligini nishonlashga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha tadbirlar ham nazarda tutilgan.

