Mahalliy

O‘zbekistonda Abu Ali ibn Sinoning 1050-yilligi nishonlanadi, ilmiy-tadqiqot markazi ochiladi va u haqda kino olinadi

O‘zbekistonda Abu Ali ibn Sino tavalludining 1050-yilligiga tayyorgarlik ko‘rish choralari belgilandi. Buxoroda ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etiladi, asarlari tarjima qilinadi, xorijdagi qo‘lyozmalari raqamlashtiriladi. Shuningdek, alloma haqida 'Husayn' filmi va media mahsulotlar tayyorlanadi.

O‘zbekistonda Abu Ali ibn Sinoning 1050-yilligi nishonlanadi, ilmiy-tadqiqot markazi ochiladi va u haqda kino olinadi

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi 19-oktabr kuni “Buyuk tabib va qomusiy olim Abu Ali ibn Sino ilmiy merosini chuqur o‘rganish va uni keng targ‘ib qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi.

Qarorda Abu Ali ibn Sinoning ilmiy merosini chuqur o‘rganish, uni zamonaviy tibbiyot ta’limi va ilmiy tadqiqotlar bilan uzviy bog‘liq holda targ‘ib qilish, shuningdek, alloma tavalludining 2030-yilda nishonlanadigan 1050-yilligiga munosib tayyorgarlik ko‘rish vazifalari belgilangan.

Hujjat bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”da allomaning xorijda saqlanayotgan qo‘lyozmalarini jamlash, ularni o‘zbek tiliga tarjima qilish, elektron platformasini yaratish va xalqaro miqyosda targ‘ib qilish ishlarini tizimli yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, Abu Ali ibn Sinoning ilmiy merosiga bag‘ishlangan xalqaro simpoziumlar, konferensiyalar va kongresslarni muntazam o‘tkazib borish rejalashtirilgan.

Qarorga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Ta’lim va ilm-fan vazirligi hamda Fanlar akademiyasining Buxoro davlat tibbiyot instituti huzurida Abu Ali ibn Sino ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish haqidagi taklifi ma’qullangan.

Markaz davlat muassasasi sifatida tashkil etiladi. Uning asosiy vazifalari orasida Ibn Sino tibbiyoti bilan bog‘liq tadqiqotlar o‘tkazish, ularning natijalarini zamonaviy tabobatda qo‘llash, shuningdek, ushbu sohadagi olimlarning ilmiy faoliyatini rag‘batlantirish va muvofiqlashtirishga ko‘maklashish bor.

Markaz allomaning tibbiyotga oid va ilmiy-ma’naviy merosi bo‘yicha tadqiqotlar olib boradi, ilmiy nashrlarni tayyorlash va chop etish ishlarini yo‘lga qo‘yadi.

Shuningdek, muassasa xorijda saqlanayotgan qo‘lyozmalarni jamlash, ularni o‘zbek tiliga tarjima qilish, elektron platformani yaratish va alloma merosini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish bilan shug‘ullanadi.

Markaz zimmasiga ibn Sinoning ilmiy merosiga bag‘ishlangan o‘quv materiallarini tayyorlash, xalqaro simpozium va konferensiyalarni tashkil etish hamda ularda ishtirok etish, mahalliy va xalqaro ilmiy loyihalarda qatnashish vazifalari ham yuklatilgan.

Bundan tashqari, tibbiyot xodimlari va tibbiyot tarixiga qiziquvchilar uchun o‘quv kurslari hamda mahorat darslarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Markaz faoliyati Buxoro davlat tibbiyot institutining budjetdan tashqari mablag‘lari, xalqaro moliya institutlari grantlari, pulli xizmatlardan tushadigan mablag‘lar, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hamda qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.

Allomaning xorijdagi fond va to‘plamlarda saqlanayotgan qo‘lyozmalari, kitoblari hamda tarjimalarini aniqlash, ularni raqamlashtirish va 2030-yilgacha yagona elektron ma’lumotlar bazasini shakllantirish ham rejaga kiritilgan. Bu ishlar 2026-yil oktabr oyidan boshlab bosqichma-bosqich amalga oshirilishi belgilangan.

Ibn Sino jamoat fondi faoliyatini takomillashtirish uchun uning ustavini qayta ko‘rib chiqish, vasiylik kengashidagi masalalarni kamida har chorakda bir marta muhokama qilish rejalashtirilgan. Fondga aloqador olimlarni Innovatsion rivojlanish agentligi e’lon qiladigan ilmiy loyihalarda qo‘llab-quvvatlash ham nazarda tutilgan.

2026−2030-yillarda allomaning tibbiy va falsafiy asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilish, ilmiy sharhlar bilan nashrga tayyorlash, bosma va elektron nashrlarini chiqarish belgilangan.

Jumladan, arab tilidan “Mo‘’jaz al-Qonun” va “Qonuncha” asarlarini ilmiy izohlar bilan tarjima qilish, shuningdek, “Al-Ishorat va at-tanbihot”, “Donishnoma”, “Kitob ash-Shifo” va “Sharq falsafasi” asarlarini tarjima qilish hamda nashr etish rejalashtirilgan. Ushbu ishlar budjet va budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan moliyalashtirilishi ko‘zda tutilgan.

2026−2030-yillarda ibn Sinoning tibbiyot, farmakologiya, kasalliklarning oldini olish va tibbiy etikaga oid qarashlarini yorituvchi hujjatli filmlar hamda boshqa media mahsulotlar tayyorlash rejalashtirilgan. Bu materiallarni O‘zbekistonda hamda xorijda namoyish etish ko‘zda tutilgan.

Shu bilan birga, allomaning kitoblari va qo‘lyozmalari ko‘rgazmalarini mamlakat hududlarida va xorijda tashkil etish, asarlar taqdimotlarini o‘tkazish belgilangan.

“Yo‘l xaritasi”da ibn Sinoning bolaligiga bag‘ishlangan “Husayn” nomli film yaratish ham nazarda tutilgan. Unda allomaning tibbiyotga qiziqishi, ustozlariga hurmati va insoniy fazilatlarini yoritish, yoshlarga ibrat bo‘ladigan obraz yaratish maqsad qilingan.

Filmni 2028-yil mart oyiga qadar kinoteatrlar, televideniye va raqamli platformalarda namoyish etish, xorijda ko‘rsatish uchun chet tillarida subtitrlar tayyorlash hamda xalqaro kinofestivallarda ishtirok etish choralari belgilangan.

Qarorda allomaning boy ilmiy merosini chuqur o‘rganishga munosib hissa qo‘shgan olim va tadqiqotchilarni rag‘batlantirish maqsadida “Ibn Sino” xalqaro mukofotini ta’sis etish ham nazarda tutilgan.

“Yo‘l xaritasi”da 2026-yil oktabr oyida Toshkentda “Ibn Sino — G‘arb va Sharq falsafiy tafakkurining buyuk namoyandasi” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazish belgilangan. Tadbirni tashkil etish uchun ishchi guruh tuzish, dastur ishlab chiqish va konferensiyani ommaviy axborot vositalarida yoritish rejalashtirilgan.

Shuningdek, tibbiyot oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari, kutubxonalar va tibbiyot tashkilotlarida alloma hayoti hamda merosiga bag‘ishlangan ma’ruzalar va ko‘rgazmalar muntazam o‘tkazib boriladi.

Ibn Sino merosini yoshlarga sodda va tushunarli shaklda yetkazish uchun sun’iy intellekt va zamonaviy texnologiyalar asosida qisqa media materiallar tayyorlash rejalashtirilgan. Ularda allomaning tibbiyot rivojiga qo‘shgan hissasi, asarlarining ahamiyati va “Shayx ur-rais” unvonining mazmuni yoritiladi.

Bu yo‘nalishda 2027-yilda ssenariylar tayyorlash, 2028-yilda qisqa kontentlar turkumini yaratish, 2029-yilda esa ularni ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirish ko‘zda tutilgan.

“Tib qonunlari” asariga bag‘ishlangan yodgorlik barpo etish rejalashtirilgan. 2026-yil oktabr oyida ishchi guruh tuzish, 2027-yil mart oyiga qadar yodgorlik eskizini tayyorlash, 2028-yil mart oyigacha esa uni barpo etish belgilangan.

Ibn Sinoning tibbiy merosi asosida, ayniqsa, yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish ham rejalashtirilgan. Buning uchun “Xalqaro Ibn Sino salomatlik yurishi” va “Ibn Sino madhiyasi”ni tashkil etish qoidalarini ishlab chiqish, sog‘lom turmush tarziga bag‘ishlangan videolavhalar tayyorlash hamda targ‘ibot ishlarini muntazam olib borish belgilangan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.