«Shaqollar va gʻanimlar» — Toshkent YHXB matbuot kotibining tanqidga javobi
Toshkent YHXB matbuot kotibi bolalar ishtirokidagi video joylashtirilganidan keyingi tanqidlar oqimiga javoban IIV matbuot kotibining eski videosini joylashtirdi. Unda u militsiya haqida yomon gapiradiganlar «shoqollar va gʻarazgoʻylar» ekanini aytadi. Bu video ham tanqidlarga sabab boʻldi. Ekspertlar birinchi rolikni bolalar huquqlarining buzilishi deb atashdi.

«Shoqollar va gʻanimlar» — Toshkent YHXB matbuot kotibi tanqidga shunday javob berdi
Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bu ikki iqtibosini deyarli 10 yil ajratib turadi: birinchisi 2017 yilga, ikkinchisi — 2026 yilga tegishli. Oʻsha 2017 yilda davlat rahbari oʻsha paytda militsiya deb atalgan tuzilmani «xalq manfaatlariga xizmat qilishga» majbur boʻlgan «jamiyatga yoʻnaltirilgan professional xizmat»ga aylantirish toʻgʻrisidagi farmonni imzolagan edi.
Oʻtgan oʻn yillikda mamlakatda va IIV tizimida koʻp narsa oʻzgardi. Biroq baʼzi eski qarashlar va xulq-atvor modellari hali ham oʻzlarini namoyon qilmoqda. Oʻtgan haftada keng muhokamaga sabab boʻlgan vaziyat bunga misollardan biri boʻldi.
18 oktyabr kuni Toshkent shahar IIBB YHXB matbuot kotibi Qahramon Xudoyberganov Oʻzbekiston IIV matbuot kotibi Shohruh Gʻiyosov ishtirokidagi videoni joylashtirdi. Videoda operator (savollar) va Shohruh Gʻiyosov (javoblar) oʻrtasidagi quyidagi muloqot yangraydi:
— A nega hamma koʻchada militsiya haqida yomon gapiradi?
— Militsiya haqida faqat shoqollar va gʻanimlar yomon gapiradi.
— Qolganlar-chi?
— Qolganlar [unga] ishi tushmasligini soʻrab duo qiladi.
Bu rolik yangi emas. U bir necha yil oldin ham jamoatchilik va OAV eʼtiborini tortib, tanqidlarga sabab boʻlgan edi.
Qahramon Xudoyberganovning 2 milliondan ortiq kuzatuvchisi boʻlgan Instagram’dagi posti ostida koʻplab sharhlar paydo boʻldi, ularda foydalanuvchilar IIVning ikkala vakilini tanqid qilib, hafsalasi pir boʻlganini bildirishgan.
«Agar „barcha odamlar“dan „nafratlanadiganlar“ va „ishi tushmasligini soʻrab duo qiladiganlar“ni ayrib tashlasangiz, qoldiqda nol boʻladi», — deb yozgan sharh qoldirganlardan biri.
Rolik bejiz eʼlon qilinmagan. Bu Qahramon Xudoyberganovga 16 oktyabrdagi oʻzi ishtirok etgan boshqa videodan soʻng yogʻilgan tanqidlarga javob edi.
Kadrlarda matbuot kotibi boshqa ikki nafar IIB xodimi va bir erkak bilan birga poytaxtdagi 183-sonli maktabning uchinchi yoki toʻrtinchi sinf oʻquvchilari bilan «profilaktik suhbat» oʻtkazmoqda. YHXB xodimi bolalardan ota-onalari ularni maktabga avtomobilning oldingi yoʻlovchi oʻrindigʻida olib kelganini soʻraydi. Bir oʻgʻil va ikki qiz bola qoʻl koʻtaradi.
Qahramon Xudoyberganov ularni doskaga chaqiradi, yoshini soʻraydi — ular 9 yoshda, ismlarini, shuningdek, otalarining ismlarini soʻraydi. Bolalarning yuzlari yashirilmagan. Ular oldingi oʻrindiqda kelishganini tasdiqlagach, IIBB vakili ota-onalariga nisbatan maʼmuriy bayonnoma tuzish uchun ularni chaqirish kerakmi yoki kechirish kerakmi, deb soʻraydi. Sinf kechirishni soʻraydi, doska oldidagi bolalar esa boshqa bunday qilmaslikka vaʼda berishadi. Ularga 12 yoshgacha oldida oʻtirish mumkin emasligi tushuntiriladi.
Birinchi sutkada videoni 7,7 milliondan ortiq kishi koʻrdi. Koʻplab foydalanuvchilar YHXB matbuot kotibining harakatlarini qoraladi.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi «Gazeta»ga IIBB vakillarining maktabga tashrifi oldindan kelishilmaganini maʼlum qildi. U yerda, shuningdek, «suhbat» darsdan soʻng oʻtkazilganini qoʻshimcha qilishdi.
Vazirlikda taʼkidlanishicha, bunday harakatlar bolalar huquqlarini buzishi va ularni qoʻrqitishi mumkin.
Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova «Gazeta»ga bergan izohida bunday videoyozuvlarni tarqatish bolalar huquqlarini himoya qiluvchi qonunlarga zid ekanini aytdi.
«Bolani, hatto uning ota-onasi yoʻl harakati qoidalarini buzgan yoki boshqa huquqbuzarlik sodir etgan boʻlsa ham, soʻroq qilish, uni videoga olish va bolaning qonuniy vakili ruxsatisiz ushbu kadrlarni ochiq foydalanishda tarqatish bola manfaatlariga ziddir», — deb taʼkidladi u.
«Hech bir holatda bola ota-onasining qilmishlari uchun javobgar boʻlmaydi. Bolani koʻplab tengdoshlari oldida noqulay ahvolga solish unda tashvish, xijolatchilik uygʻotishi va maʼlum darajada uni kamsitishi mumkin», — dedi bolalar ombudsmani.
Surayyo Rahmonova bolalarning xabardorligini oshirish zarurligini, biroq bunday tadbirlar bolaning shaxsi va daxlsizligini hurmat qilgan holda, kamsitish va stigmatizatsiyasiz oʻtkazilishi kerakligini qoʻshimcha qildi.
Zoʻravonlikka qarshi Nemolchi.uz loyihasi asoschisi Irina Matviyenko taʼkidlaganidek, «davlat organlari — bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunda mustahkamlangan bolaning eng ustun manfaatlari printsipiga rioya qilishi shart boʻlgan birinchi tuzilmalardir. Davlat organlari xodimlari — davlat vakillaridir va ular davlat siyosati hamda kafolatlariga rioya qilishga majburdirlar. Shu jumladan, bolaning shaxsiy mulkiy boʻlmagan huquqlariga, unga uning tasvirlari ham kiradi».
Uning soʻzlariga koʻra, rolikni eʼlon qilish bilan bogʻliq vaziyatda «bolalardan ular uchun oqibatlari haqida kam oʻylagan holda foydalanilmoqda». «Ularni soʻzlari uchun bulling qilishni, ustidan kulishni boshlashlari mumkin. Uch nafar voyaga yetgan erkak, qonun vakillari, oʻzlari qonunni buzishdi — lekin hech kimning, shu jumladan, ushbu videoni joylashtirgan matbuot xizmatining ham xayoliga oqibatlari haqida oʻylash kelmadi. Yoki pogonlar qonunchilikni buzishga huquq beradimi?» — dedi u.
Huquqshunos va faol bolalarning tasvirlarini ularning oʻzlarining emas, ota-onalari yoki qonuniy vasiylarining roziligisiz eʼlon qilishga yoʻl qoʻyilmasligini eslatdi; bunday rozilik yozma ravishda qayd etilishi maqsadga muvofiqdir. Ammo «hatto ota-onalar yozma rozilik bergan boʻlsa ham, agar bolalar uchun salbiy oqibatlar ehtimoli boʻlsa, bolaning eng ustun manfaatlariga rioya qilish printsipi bu rozilikdan yuqori turishi mumkin».
«Bolalar obrazlari faol ravishda ekspluatatsiya qilinmoqda va jamiyatni manipulyatsiya qilish uchun foydalanilmoqda. Chunki bolalar — eʼtiborni tortish uchun ideal magnitdir. Hatto ota-onalar ham internetga joylangan narsa u yerda abadiy qolishini hamisha ham tushunavermaydilar. Bolalar ulgʻayib, bolalikdagi videolarini joylashtirish boʻyicha fikrlarini oʻzgartirishlari mumkinligini. Bolalarga nisbatan tazyiq boshlanishi mumkinligini. Ularning obrazlaridan gʻarazli maqsadlarda foydalanilishi mumkinligini. Aynan shuning uchun davlat organlari bola manfaatlarini himoya qilishda birinchi boʻlib turishlari kerak. Afsuski, hozircha biz buni kuzatmayapmiz», — dedi Irina Matviyenko.
Bolalar aks etgan rolik ostidagi salbiy sharhlar oqimi jamoatchilik aslo Qahramon Xudoyberganov va Shohruh Gʻiyosov tomonida emasligini koʻrsatdi. Tez orada u sharh qoldirish imkoniyatini yopib qoʻydi. Biroq rolikni oʻchirib tashlamadi. Undan kechirim soʻrash yoki nohaqligini tan olish ham bildirilmadi.

