“Pogon qonunni buzish huquqini beradimi?” Toshkent IIBB xodimlarining sinfxonadagi “profilaktik tadbiri” qoralanmoqda
IIBB xodimlarining maktabda o‘quvchlarni doska oldiga chiqarib, mashinaning old o‘rindig‘ida o‘tirib kelishini so‘ragani aks etgan video muhokama qilinmoqda. Bolalar ombudsmani bu holatni bola manfaatlariga zid deb atadi. 'Pogon qonunni buzish huquqini beradimi?' — deydi Nemolchi.uz asoschisi Irina Matviyenko.

“Pogon qonunni buzish huquqini beradimi?” Toshkent IIBB xodimlarining sinfxonadagi “profilaktik tadbiri” tanqid ostida
Toshkent shahri IIBBning uch nafar xodimi poytaxtdagi maktablardan birining sinfxonasida profilaktik tadbir o‘tkazdi. Unda to‘qqiz yoshli uch o‘quvchi maktabga otasi boshqarayotgan mashinaning old o‘rindig‘ida o‘tirib kelishini aytgan. Ushbu video ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ayrimlar IIO xodimlarining profilaktik tadbirini qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, boshqalar bolalarni tengdoshlari oldida izza qilinishi hamda ularning yuzlarini yashirmasdan videoga olib, internetga joylanganini tanqid qildi.
Gazeta muxbiri mazkur videoda tasvirlangan holat yuzasidan mas’ul tashkilotlar va jamoatchilik faollarining fikrlarini o‘rgandi.
16-oktabr kuni Toshkent shahri IIBB YHXB matbuot kotibi Qahramon Xudoyberganov o‘zining press.qahramon nomli Instagram sahifasiga maktab o‘quvchilari bilan o‘tkazilgan “profilaktik tadbir” aks etgan videoni joyladi.
Unda Xudoyberganov Chilonzor tumanidagi 183-maktabning sinfxonasida o‘quvchilardan kim maktabga mashinada, haydovchining yonida o‘tirib kelishini so‘ragan. Javob tariqasida qo‘lini ko‘targan to‘qqiz yoshli o‘quvchilardan uch nafari doska oldiga chaqirilgan. Bolalardan o‘z va otalarining ismlarini aytish so‘ralgan va bu ham videoda aks etgan.
Ulardan biri har kuni otasi bilan maktabga kelishini aytgan. Uyi uzoqda bo‘lgani uchun mashinada yurishini bildirgan va avtomobilning oldingi o‘rindig‘ida o‘tirib, yo‘llarni tomosha qilib kelishini so‘zlab bergan. Ikki o‘quvchi qiz ham otalari bilan maktabga kelishini va mashinaning oldingi o‘rindig‘ida o‘tirishini aytgan.
Xudoyberganov bolalarning otalarini maktabga chaqirish va ularga yo‘l harakati qoidalarini buzgani uchun bayonnoma rasmiylashtirilishini ta’kidlagan. Sinfdoshlar otalarni bu safar kechirishni so‘ragan. O‘quvchilardan biri oldingi o‘rindiqda o‘tirish mumkin emasligini qayd etgan. Doska oldidagi bolalar kelgusida bunday qilmaslikka so‘z bergan.
Videoda Qahramon Xudoyberganovdan tashqari yana ikki nafar formali xodim va bir erkakni ko‘rish mumkin. Video Instagram’da bir kun ichida 7,7 million marta ko‘rildi. U keng muhokamalarga sabab bo‘lganidan so‘ng izohlar qismi yopib qo‘yildi.
Ta’lim va fan vazirligi axborot xizmati Gazeta so‘roviga javoban mazkur “profilaktik tadbir” yuzasidan munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining darslari soat 11:20 da tugagan, YHXB xodimlari esa maktabga taxminan soat 11:40 da kirgan. Biroq ularning maktabda bunday tadbir o‘tkazishi vazirlik yoki shahar boshqarmasi bilan oldindan kelishilmagan.
“Ular bilan bunday tushuntirish ishlarini olib borish bo‘yicha hech qanday kelishuvimiz bo‘lmagan. Xodimlarning formada sinfxonaga kirib, bolalarni qo‘rqitishi ham to‘g‘ri emas. Bunday harakatlar o‘quvchilarning huquqlarini buzishi mumkin”, — deyiladi vazirlik axborotida.
Ta’kidlanishicha, holatga aniqlik kiritish uchun Toshkent shahri IIBBga ham murojaat qilingan.
Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova Gazeta’ga ta’kidlashicha, bolalar bilan bog‘liq bunday videotasvirlarning tarqatilishi bola huquqlari buzilishiga olib keladi.
Bolaning ota-onasi yo‘l-transport qoidalarini buzgan yoki boshqa harakatlar sodir etgan taqdirda ham, boladan bu haqda so‘rab-surishtirish, ayniqsa, ushbu jarayonni videotasvirga olish hamda bolaning qonuniy vakili ruxsatisiz tasvirlarni ommaga tarqatish bola manfaatlariga zid, deydi u.
“Hech bir holatda bola o‘z ota-onasining noto‘g‘ri harakatlari uchun javobgar emas”, — deydi bolalar ombudsmani.
Uning ta’kidlashicha, bolani ko‘pchilik tengdoshlari oldida bunday tarzda noqulay ahvolga solinishi bolada xavotir va uyalish hissini paydo qiladi, ma’lum ma’noda esa uning kamsitilishiga olib keladi.
Rahmonova maktablarda o‘quvchilar o‘rtasida xabardorlikni oshirish va targ‘ibot ishlarini olib borish muhimligini qayd etdi. Biroq bunday tadbirlar bolaning shaxsiyati va daxlsizligini hurmat qilgan holda o‘tkazilishi, unga nisbatan kamsitish yoki stigmatizatsiyaga yo‘l qo‘yilmasligi kerak.
O‘zbekistonda zo‘ravonlikka qarshi kurashuvchi Nemolchi.uz loyihasi asoschisi Irina Matviyenkoning fikricha, davlat organlari, avvalo, bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risidagi qonunda belgilangan bolaning eng ustun manfaatlarini ta’minlash tamoyiliga rioya qilishi shart.
“Chunki davlat organlari xodimlari davlat vakillari hisoblanadi va davlat siyosati hamda kafolatlariga, jumladan, bolaning shaxsiy nomulkiy huquqlariga amal qilishi kerak”, — deydi u.
Uning ta’kidlashicha, mazkur holatda bolalardan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlar yetarlicha o‘ylanmasdan foydalanilgan. Videoda aytgan gaplari sababli ularni tengdoshlari masxara qilishi yoki kamsitishi mumkin.
Qonun vakillari bo‘lgan uch nafar katta yoshli erkakning o‘zi qonun talablarini buzgan, biroq videoni joylagan axborot xizmati ham buning bolalarga ta’siri haqida o‘ylab ko‘rmagan.
“Yoki pogonlar qonunni buzish huquqini beradimi?” — deya savol qo‘yadi Irina Matviyenko.
Bolalarning tasvirlarini ota-onasi yoki qonuniy vasiysining roziligisiz e’lon qilish mumkin emas.
Bunday rozilikni yozma ravishda rasmiylashtirish maqsadga muvofiq. Biroq ota-ona yozma rozilik bergan taqdirda ham, agar tasvirni tarqatish bola uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lsa, bolaning eng ustun manfaatlarini ta’minlash tamoyili rozilikdan ustun turishi kerak.
Matviyenkoning qayd etishicha, bolalarning obrazlaridan jamoatchilik e’tiborini tortish va odamlarni manipulyatsiya qilish uchun tez-tez foydalaniladi. Chunki bolalar tasvirlari odamlar diqqatini tortishning samarali vositasiga aylanib qolgan.
Hatto ota-onalar ham internetga joylangan narsalar u yerda abadiy qolishini har doim ham tushunmaydi.
Bola ulg‘aygach, bolaligidagi videolarining internetda qolishini istamasligi mumkin. Unga nisbatan ta’qib va masxaralashlar boshlanishi, tasviridan esa g‘arazli maqsadlarda foydalanilishi mumkin”, — deydi u.
Irina Matviyenkoning fikricha, aynan shu sababli davlat organlari bolalar manfaatlarini himoya qilishda birinchi bo‘lib mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi kerak. Biroq, uning ta’kidlashicha, hozircha buni amalda ko‘rmayapmiz.
Obidjon Latipovning ta’kidlashicha, ichki ishlar xodimlarining maktabga, xususan, dars o‘tilayotgan sinfxonaga kirib, voyaga yetmagan o‘quvchilarni so‘roq qilishi huquqiy jihatdan noqonuniy, axloqiy jihatdan esa odobsizlikdir.
Uning aytishicha, bu ish qanday maqsadda amalga oshirilganidan qat’iy nazar, ta’lim muassasasi va dars jarayoniga nisbatan hurmatsizlik hisoblanadi.
Latipov vaziyatni teskari tasavvur qilishni taklif etarkan, shunday dedi: agar maktab o‘qituvchilari o‘quvchilarni ichki ishlar organlari faoliyati bilan tanishtirish maqsadida xodimlarning ish joyiga borib, ularni ish vaqtida savolga tutsa, savodxonligini tekshirib, imtihon qilsa, bu qanday qabul qilinishi haqida o‘ylab ko‘rish kerakligini ta’kidladi.
“Javob bera olmagan xodimlarga „Sizga kim attestat bergan? Hozir ustozingizni chaqirtiramiz“, deyishsa, qanday bo‘ladi? Keyin buni tasvirga olib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatishsa-chi? Ichki ishlar vazirligi ham, uning matbuot kotibi ham jim o‘tiradimi?” — deya savol qo‘yadi jamoatchilik faoli.
“MediaFAN” kanalining yozishicha, milliy media makonida huquqlari eng ko‘p toptaladigan toifa bolalar hisoblanadi.
“Bolalar huquqi davlat idoralari axborot xizmatlari, masalan, aslida huquqlarni himoya qilishi kerak bo‘lgan organlar tomonidan piar yoki profilaktika maqsadlari uchun qurbon qilinayotgani ayniqsa xavotirli”, deya munosabat bildirgan kanal.
Kanalning eslatishicha, “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, g‘ayriqonuniy harakatlar natijasida jabrlangan bolalar to‘g‘risidagi, shu jumladan bunday bolaning foto- va videotasvirlarini o‘z ichiga olgan axborot mahsuloti — bolalar o‘rtasida tarqatilishi taqiqlangan axborot mahsuloti jumlasiga kiradi.
“Xalqaro standartlarga ko‘ra (YUNISEF) bolalar mavzusida axborot tarqatishda — ularni kamsitadigan, travmatik taassurot uyg‘otadigan savollar berishdan qochish tavsiya qilingan. BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasida OAV yoki axborot xizmatlari boladan intervyu olayotganda uning fikrini hurmat qilishi, uni biror narsani aytishga majburlamasligi lozim”, — deyiladi postda.

