“Mutlaqo qarshiman”. Toshkent hokimi — maktab va bog‘chalar hududida DXSH hamda xususiy obyektlar haqida
Toshkent shahri hokimi Shavkat Umurzoqov davlat maktab va bog‘chalari hududlarini davlat-xususiy sheriklik loyihalari uchun, jumladan, xususiy ta’lim muassasalarini qurish uchun berilishiga qarshiligini bildirdi. U bunday uchastkalarda faqat davlat ta’lim obyektlarini qurishni to‘g‘ri deb hisoblaydi.

“Mutlaqo qarshiman”. Toshkent hokimi — maktab va bog‘chalar hududida DXSH hamda xususiy obyektlar haqida
Toshkent shahri hokimi Shavkat Umurzoqov davlatga qarashli maktab va bog‘chalar hududlarini davlat-xususiy sheriklik (DXSH) loyihalariga berishga qarshi ekanini bildirdi.
Ilgari berilgan yerlarni davlatga qaytarish masalasiga to‘xtalar ekan, Umurzoqov ko‘rib chiqilayotgan holatlar orasida DXSH loyihalari uchun ajratilgan maktab hududlari, shuningdek, avval maktab hududidan chiqarilib, hokimiyatga, keyin esa boshqa shaxslarga berilgan yer uchastkalari ham borligini aytdi.
“Men Toshkent shahrida maktab, bog‘cha hududini DXSH loyihalariga berishga mutlaqo qarshi siyosat yurg‘izyapman. Bunday hududda faqat davlat maktab yo bog‘chasi qurilishi tarafdoriman”, — dedi u.
Gazeta`ning davlat maktabi yoki bog‘chasi hududida hatto xususiy ta’lim muassasasi ham bo‘lmasligi kerakmi, degan aniqlashtiruvchi savoliga hokim ijobiy javob berdi.
“Xususiy ham bo‘lishi kerak emas. Odamlarning to‘lov qobiliyati va ijtimoiy vaziyatdan kelib chiqib, bugun davlat bunday obyektlarni o‘zi qurishga qodir, tuman hokimlari ham ularni qurishi mumkin, deb aytolaman. Puli bo‘lmaganda, balki siz aytgandek, DXSH loyiha qilish yaxshi va to‘g‘ri yechimdir”, — dedi shahar ma’muriyati rahbari.
Shavkat Umurzoqovning aytishicha, davlat-xususiy sheriklik mexanizmidan boshqa shahar obyektlarida foydalanish mumkin.
“DXSHni men boshqa sohalarda qo‘llagan bo‘lardim. Masalan, bekatlarni biznesga auksionga chiqarishimiz mumkin: agar tadbirkor pul to‘lasa, tozalab, obyektni saqlab tursa, yakunda esa mulk baribir davlatda qolsa, u yerda xalaqit beradigan do‘kon qurmasdan normal infrastruktura yaratayotgan bo‘lsa, nega bundan foydalanmaslik kerak?” — dedi u.
Biroq ta’lim va tibbiyot muassasalari hududlariga kelganda, hokim boshqacha yondashuvni taklif qildi.
“Lekin ta’lim — boshqa masala. Sog‘liqni saqlash, ta’lim obyektlari, maktablar, bog‘chalar, institutlar hududi ichida DXSH loyihalariga ruxsat berish kerakmi, deb so‘rashsa, men yo‘q degan bo‘lardim”, — dedi poytaxt hokimiyati rahbari.
Oliy ta’lim sohasida DXSHning maqbul yo‘nalishlaridan biri sifatida Umurzoqov talabalar turar joylari qurilishini tilga oldi.
“Shu bilan birga, oliy ta’limda DXSHning yaxshi misoli bor — talabalar turar joylari qurilishi. Agar oliygohga yotoqxona yetmayotgan bo‘lsa, u hudud ajratishi mumkin, xususiy sektor esa oliygoh bilan kelishib, DXSH doirasida yotoqxona quradi. Bu boshqa narsa. Lekin kimdir kelib: „Oliygoh hududida xususiy institut quraman“, desa, men qarshi bo‘laman”, — dedi u.
So‘nggi yillarda Toshkentda ta’lim muassasalari hududlaridan foydalanish bilan bog‘liq bir qator bahsli holatlar yuzaga keldi.
2026-yil iyul oyi oxirida hokimiyat Yunusobod tumanidagi 271-maktab bilan bog‘liq vaziyatni o‘rgandi. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu maktabning 4000 kv. m hududi DXSH to‘g‘risidagi bitim va ijara shartnomasi asosida Asian School kompaniyasiga ijaraga berilgan.
Shu bilan birga, tekshiruv yerni o‘zboshimchalik bilan egallab olish yoki noqonuniy qurilish holatlarini aniqlamagan, uchastka va undagi obyektlar esa amaldagi hujjatlar asosida ro‘yxatdan o‘tkazilgan. O‘rganish yakunlariga ko‘ra, hudud to‘sig‘i olib tashlandi va yer uchastkasi avvalgi holatiga qaytarildi.
Yana bir holat avgust oyida Olmazor tumani “Orzu” mahallasidagi 243-maktab yaqinida yuz berdi.
U yerda mehmonxona qurish uchun kavlangan kotlovan cheti o‘pirilib tushdi.
Mahalla vakillarining aytishicha, ushbu uchastka avval maktabga berilgan, keyinchalik maktab hududining bir qismi qurilish uchun ajratilgan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, dastlab to‘siqda ikki qavatli kutubxona qurilishi haqida e’lon qilingan, biroq keyinchalik boshqa obyekt qurilishi boshlangan.
2025-yil may oyida Kun.uz Uchtepa tumanidagi yana bir holat haqida xabar bergan edi.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, obyekt loyihasi dastlab xususiy maktab binosi sifatida kelishilgan, ammo amalda bu joyda ko‘p qavatli turar joy binosi qurila boshlangan. Inspeksiya bir necha bor yozma ko‘rsatmalar bergan, biroq qurilish davom etgan.
2022-yilda sobiq deputat Rasul Kusherbayev 2018-yildan beri O‘zbekistonda 198 ta maktab hududidagi 70 gektarga yaqin yer noqonuniy olib qo‘yilgani haqida aytgandi.
Ushbu holatlarning deyarli uchdan bir qismi Andijon viloyatiga to‘g‘ri kelgan — 61 ta maktabda 24,8 ga. Toshkentda esa gap uchta maktabning 0,2 ga yeri haqida borgan.
2018-yil sentabr oyidan e’tiboran, Xalq ta’limi vaziri (hozirgi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri) bilan kelishilmagan holda umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim muassasalarining yerlari va ko‘chmas mulkini olib qo‘yish, prezident hujjatlarida nazarda tutilgan holatlardan tashqari, taqiqlangan.

