Shahlo Turdiqulova Jahon fanlar akademiyasi vitse prezidenti etib saylandi
Shahlo Turdiqulova Jahon fanlar akademiyasining Markaziy va Janubiy Osiyo bo‘yicha vitse prezidenti etib saylandi. U akademiya kengashi tarkibiga oltita vitse prezidentdan biri sifatida kiradi va o‘z vakolatlarini 2027-yil 1-yanvardan bajarishga kirishadi.

Shahlo Turdiqulova Jahon fanlar akademiyasi vitse prezidenti etib saylandi
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse prezidenti, biologiya fanlari doktori, professor Shahlo Turdiqulova Jahon fanlar akademiyasining (TWAS) 2027−2028-yillar uchun Markaziy va Janubiy Osiyo bo‘yicha vitse prezidenti etib saylandi, deya xabar berdi idora matbuot xizmati.
Mazkur lavozimda Shahlo Turdiqulova akademiya faoliyatining strategik yo‘nalishlarini belgilash, xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish va tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash jarayonida ishtirok etadi.
Fanlar akademiyasi bergan ma’lumotga ko‘ra, u akademiya tarixida rahbariyat tarkibiga kirgan O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning ilk vakili bo‘ldi.
Qaror TWAS a’zolarining ovoz berish natijalariga asosan qabul qilingan. Shahlo Turdiqulova akademiya kengashiga oltita vitse prezidentdan biri sifatida kiradi va o‘z vakolatlarini 2027-yil 1-yanvardan boshlaydi. U Jahon fanlar akademiyasiga 2025-yilda a’zo bo‘lgan edi.
TWAS’ning yangi Kengashiga Xitoy Fanlar akademiyasi prezidenti Xou Szyango boshchilik qiladi.
Shahlo Turdiqulova 2025-yil oktabr oyida Jahon fanlar akademiyasi akademigi diplomini olgan edi.
Shahlo Turdiqulova 1973-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1995-yilda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetini tamomlagan. Turdiqulova — biologiya fanlari doktori, professor, “Do‘stlik” ordeni sohibasi.
Olimaning TWAS saytida joylangan sahifasiga ko‘ra, Shahlo Turdiqulova biotexnologiya bo‘yicha PhD (2001) va biokimyo hamda hujayra biologiyasi bo‘yicha fan doktori (2008) darajasini olgan. 2002−2005-yillarda Los Anjelesdagi Kaliforniya universitetida postdoktoranturada tahsil olgan.
Uning ilmiy faoliyati odam genetikasi bilan bog‘liq. U kasalliklarga moyillikning 670 ta geni bilan bog‘liq 1450 ta genetik markerni aniqlagan va 24 000 ta namunani o‘z ichiga olgan milliy DNK bankini yaratgan. Shahlo Turdiqulova, shuningdek, kovidga qarshi ZF-UZ-VAS2001 vaksinasining klinik sinovlariga hamraislik qilgan.
2018-yildan Ilg‘or texnologiyalar markaziga rahbarlik qilgan. 2020-yil oktabridan 2021-yil apreligacha innovatsion rivojlanish vazirining birinchi o‘rinbosari, keyin esa 2021-yil aprelidan 2023-yil yanvarigacha vazir o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. Shundan so‘ng, 2024-yil apreligacha oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari bo‘lib faoliyat yuritgan. Hozirda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse prezidenti lavozimini egallab kelmoqda.

