Shavkat Mirziyoyev Jahon bojxona tashkiloti bosh kotibini qabul qildi

Shavkat Mirziyoyev Jahon bojxona tashkiloti bosh kotibini qabul qildi
Shavkat Mirziyoyev 7-sentyabr kuni Toshkentda yettinchi Global kinologiya forumida ishtirok etish doirasida O‘zbekistonda bo‘lib turgan Jahon bojxona tashkiloti bosh kotibi Yan Sondersni qabul qildi.
Prezident matbuot xizmatining xabar qilishicha, bojxona maʼmuriyatchiligini takomillashtirish, bojxona organlarining salohiyatini mustahkamlash va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish bo‘yicha amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Tashkilot ko‘magida O‘zbekiston savdoni yengillashtirish sohasidagi qator xalqaro konvensiyalarga qo‘shilgani, zamonaviy bojxona nazorati mexanizmlari joriy etilib, Bojxona xizmati faoliyatini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqilgani va qabul qilingani qayd etildi.
Uchrashuvda bojxona tartib-taomillarini yanada raqamlashtirish va uyg‘unlashtirish, normativ-huquqiy bazani takomillashtirish hamda kadrlarni o‘qitish va ularning malakasini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. O‘zbekistonni Jahon savdo tashkilotiga aʼzo bo‘lishga tayyorlash doirasida ushbu masalalarning dolzarbligi taʼkidlandi.
Yakunda hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va bojxona maʼmuriyatchiligini takomillashtirishga qaratilgan aniq chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi “yo‘l xaritasi”ni birgalikda ishlab chiqish va qabul qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Shu kuni davlat rahbari Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Xalqaro aloqalar bo‘limi mudiri Lyu Xaysin boshchiligidagi Xitoy Xalq Respublikasi delegatsiyasini qabul qildi. Muloqot davomida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik hamda amaliy sheriklikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Toshkentda 7—9-sentyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan Jahon bojxona tashkilotining 7-Global kinologiya forumi dushanba kuni o‘z ishini boshladi. Dastlabki muhokamalarda Jahon bojxona tashkiloti va Milliy kinologiya markazi ekspertlari tomonidan mintaqaviy kinologiya o‘quv markazlarini akkreditatsiya qilish standartlari, sintetik narkotik moddalarni aniqlash, xizmat itlarini tayyorlashning zamonaviy usullari hamda kinologiya bo‘linmalarining turli operatsion sharoitlarda samarali faoliyat yuritishini ta’minlash bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi.

