Sergeli va Yangihayotdagi badbo‘y hid muammosi bartaraf etildi

**Sergeli va Yangihayotdagi badbo‘y hid muammosi bartaraf etildi**
Toshkentning Sergeli va Yangihayot tumanlarida aholini bir necha yildan buyon qiynab kelayotgan badbo‘y hid muammosi bartaraf etildi. Salor oqova suv tozalash inshootida noxush hidni kamaytirish uchun zamonaviy filtr uskunasi o‘rnatildi.
Salor inshooti Toshkentning yetti tumanidan keladigan oqova suvlarni qabul qilib, tozalaydi. Uning sutkalik quvvati 900 ming kub metrni tashkil etadi. Noxush hidni yo‘qotish maqsadida 9,5 milliard so‘mlik filtr uskunasi o‘rnatilib, oqova suv hovuzlari germetik yopildi. Uskunada hidli havo ventilyator yordamida tortib olinadi, filtrlar orqali tozalanadi va zararsizlantiriladi.
“Toshkent shahar suv ta’minoti” AJ bosh texnologi Do‘nonboy Kazibekovning ma’lum qilishicha, Sergeli, Yangihayot, Mirobod va Yashnobod tumanlaridan keladigan oqova suvlar ushbu inshootda tozalanadi. Rossiyadan olib kelingan uskunada 11,5 tonna katalitik sorbent va 2,5 tonna faollashtirilgan ko‘mir ishlatiladi. Havo ultrabinafsha nurlar yordamida ozonlashtirilib, oksidlanish jarayonidan o‘tkaziladi. Natijada chiqayotgan havoda vodorod sulfidi va ammiak konsentratsiyasi nolga tushirilgan.
Uskuna 15 kundan ortiq vaqtdan beri ishlamoqda. Qayd etilishicha, uning ishga tushirilishi natijasida inshoot atrofidagi noxush hidlar yo‘qolgan. Buni yaqin hududlarda yashovchi aholi ham tasdiqlagan.
4-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Sergeli va Yangihayot tumanlaridagi infratuzilma masalalari muhokama qilingandi.
Ma’lumot uchun, Sergeli hududidagi badbo‘y hid muammosi bir necha yildan buyon aholi e’tirozlariga sabab bo‘lib keladi. Jumladan, 2021-yilda “O‘zgarish” mahallasi aholisi hududdagi uzluksiz yoqimsiz hiddan shikoyat qilgan. O‘sha vaqtdagi tekshiruvlar natijasida oqova suv tashlovchi korxonalarning 22 nafar mas’uliga nisbatan ma’muriy ish qo‘zg‘atilgani ma’lum qilingan.

