Glinka koʻchasidagi hodisa yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi
Toshkent shahridagi Glinka koʻchasida yuz bergan avariyaga yerosti gaz quvuridan sizib chiqqan gazning issiqlik tarmogʻi kamerasida toʻplanishi sabab boʻlgan. Hodisa yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Glinka koʻchasidagi hodisa boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatildi
Toshkent shahar hokimligi Glinka koʻchasida yuz bergan holat yuzasidan qoʻshimcha maʼlumot berdi.
Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, diametri 219 mm boʻlgan yerosti gaz quvuridan sizib chiqqan gaz issiqlik tarmogʻi kamerasida toʻplanib, avariya holatini yuzaga keltirgan.
Tekshiruv jarayonida gaz quvurining taxminan 375 kvadrat santimetr (15×25 sm) maydonida bir nechta nuqtadan gaz sizib chiqayotgani aniqlangan.
Hozirda mutaxassislar hodisaning kelib chiqish sabablari va boshqa tafsilotlarni oʻrganmoqda. Shu bilan birga, muhandislik tarmoqlarining holati tekshirilib, bunday holatlarning qayta takrorlanishining oldini olish choralari koʻrilmoqda.
Tekshiruv yakunlangach, yoʻl qoplamasini tiklash ishlari davom ettiriladi. Hokimlikka koʻra, yoʻl yaqin vaqt ichida transport harakati uchun ochilishi rejalashtirilgan.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergov yakuniga koʻra, aybdor shaxslarning xatti-harakatlariga huquqiy baho beriladi.
Toshkent shahar hokimligi vaziyat doimiy nazorat ostida ekanini maʼlum qildi.

