Dunyo

Saudiyadagi 400 metrlik ulkan kub loyihasiga yangi rahbar keldi

Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyodda ulkan kub shaklidagi «Mukaab» binosini qamrab oluvchi New Murabba loyihasining rahbari almashdi. Bosh direktor vazifasini bajaruvchi etib Saboh Barakat tayinlandi. Oʻzgarish megaloyihaning moliyalashtirilishi va amalga oshirish imkoniyatlari qayta baholanayotgani haqidagi xabarlar ortidan yuz berdi.

Saudiyadagi 400 metrlik ulkan kub loyihasiga yangi rahbar tayinlandi

Rahbariyatdagi o‘zgarish haqida avgust oxirida Financial Times xabar bergan edi. Kompaniyaning rasmiy saytida ham hozir rahbar sifatida Barakat ko‘rsatilgan.

U New Murabba’ni 2024-yil yanvaridan beri boshqarib kelgan Maykl Daykning o‘rnini egalladi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, Barakat ko‘chmas mulk va yirik shaharsozlik loyihalarida 35 yildan ortiq tajribaga ega.

U Saudiya Arabistoni Davlat investitsiya jamg‘armasida rahbarlik lavozimida ishlaydi, avval ROSHN kompaniyasini vaqtincha boshqargan. Shuningdek, New Murabba tashkil etilayotgan bosqichda ham unga rahbarlik qilgan.

Yanvar oyida Reuters manbalariga tayanib, «Mukaab»da tuproq qazish va qoziqlar o‘rnatishdan tashqari ishlar to‘xtatib turilgani yozilgan edi. Agentlikka ko‘ra, hukumat loyihaning moliyalashtirilishi va amalga oshirish imkoniyatlarini baholayotgan, atrofdagi hududni rivojlantirish esa davom ettirilishi kutilgan.

May oyida kompaniya qariyb 15 million kub metr tuproq qazib olingani va 1200 ta qoziq o‘rnatilganini ma’lum qilgan. Bu natijalar poydevorni tayyorlash ishlariga tegishli. Ular binoning yer usti qismi qachon barpo etilishi yoki majmua qachon ochilishini aniqlashtirmaydi.

New Murabba’ning amaldagi taqdimotida «Mukaab» hanuz 400 metrlik ulkan me’moriy obyekt sifatida ko‘rsatilmoqda. Uning ichida savdo maydonlari, mehmonxonalar, turar joylar, panorama tomosha qilish nuqtalari va madaniy obyektlar joylashtirilishi rejalashtirilgan. Tarqatilayotgan tasvirlar tayyor binoning fotosuratlari emas, kelajakdagi majmuaning kompyuterda yaratilgan ko‘rinishlaridir.

Loyihaning yangi bosqichidagi amaliy kelishuvlardan biri Almana Medical Group bilan hamkorlik bo‘ldi. 25-avgustda e’lon qilingan xabarga ko‘ra, New Murabba hududida umumiy yo‘nalishdagi shifoxona uchun taxminan 1 milliard Saudiya riali investitsiya kiritish rejalashtirilgan.

Tibbiyot muassasasiga shahzoda Turki ibn Abdulaziz al-Avval yo‘li yaqinidan 16 ming kvadrat metrdan ortiq yer ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Shifoxona 200 o‘ringa mo‘ljallangan. Unda shoshilinch tibbiy yordam, travmatologiya, oilaviy tibbiyot, pediatriya, neonatologiya, ortopediya, kardiologiya va asab tizimi kasalliklari bo‘yicha xizmatlar tashkil etilishi kutilmoqda.

«Bu investitsiyaviy hamkorlik - kelgusi oylarda e’lon qilishni rejalashtirayotgan ko‘plab kelishuvlarimizning birinchisi», - degan Saboh Barakat.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.