Samarqandda zoʻravonlikdan jabr koʻrgan bolalarni himoya qilish boʻyicha «Najot» markazi tashkil etiladi
Samarqand viloyatida bir qator jinoyat ishlari boʻyicha voyaga yetmagan jabrlanuvchilar ishtirokidagi protsessual harakatlar «Barnahus» modeli boʻyicha «Najot» ixtisoslashtirilgan markazida oʻtkaziladi, 2027 yil 1 yanvardan boshlab esa jabrlanuvchi bolalar va guvoh bolalarga maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan advokatlar tomonidan davlat yuridik yordami koʻrsatilishi taʼminlanadi.

Samarqandda zoʻravonlikdan jabr koʻrgan bolalarni himoya qilish boʻyicha «Najot» markazi tashkil etiladi
«Najot» markazi Samarqandda Milliy ijtimoiy himoya agentligining Bolalarni qoʻllab-quvvatlash va ijtimoiy integratsiyasi markazi huzurida ochiladi. U yuridik shaxs tashkil etmagan holda faoliyat yuritadi. Markaz faoliyatini taʼminlash uchun toʻrtta shtat birligi ajratilishi nazarda tutilgan, zarurat tugʻilganda esa faoliyatga psixologlar, psixiatrlar, maxsus pedagoglar, reabilitologlar va boshqa soha mutaxassislari jalb etilishi mumkin.
20 oktyabrdan boshlab markazning maxsus jihozlangan xonalarida voyaga yetmagan jabrlanuvchilarni soʻroq qilish, ekspertizalar uchun namunalar olish, shaxsni tanish va boshqa protsessual harakatlar alohida toifadagi, asosan bolalarga nisbatan jinsiy zoʻravonlik va foydalanish bilan bogʻliq jinoyatlar boʻyicha oʻtkaziladi. Ushbu yangilik Samarqand viloyati hududida sodir etilgan jinoyatlarga nisbatan tatbiq etiladi.
Protsessual harakatlar markaz psixologining xulosasini hisobga olgan holda, prokuraturaning maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan xodimi tomonidan oʻtkazilishi kerak. Ularda shuningdek, bolaning qonuniy vakili, uning advokati, tergovchi, ekspertlar, ijtimoiy xodim va psixolog ishtirok etadi.
Barcha harakatlar majburiy tartibda audio va videofiksatsiya qilinadi. Olingan yozuvlar jinoyat ishi materiallariga qoʻshib qoʻyiladi va sudda bolani chaqirmasdan turib foydalanilishi mumkin. Bunda yozuvlarni markazda saqlash, ularni uchinchi shaxslarga berish yoki har qanday shaklda tarqatish taqiqlanadi. shuningdek, jabrlanuvchi bolaning qonuniy vakili ishtirokisiz gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, ularning yaqinlari va himoyachilari bilan bevosita muloqotda boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
2026 yil oxirigacha har bir hududda xalqaro standartlar asosida bolalar bilan ishlash boʻyicha maxsus dasturlar boʻyicha kamida 10 nafardan advokatni oʻqitish rejalashtirilgan. 2027 yil 1 yanvardan boshlab tayyorgarlikdan oʻtgan advokatlar jinoyat ishlari boʻyicha jabrlanuvchi deb topilgan yoki guvoh sifatida jalb qilingan bolalarga davlat tomonidan yuridik yordam koʻrsatadilar.
Milliy ijtimoiy himoya agentligining 1246 qisqa raqami boʻyicha kechayu kunduz faoliyat yuritadigan ishonch telefoni 112 yagona dispetcherlik xizmati bilan integratsiya qilinadi. Bu murojaatlarni tezkorlik bilan qabul qilish va avtomatik ravishda qayta ishlash, shuningdek, ularni tegishli davlat organlariga yuborish imkonini beradi.
Bunday murojaatlarni olgan idoralar ularni qonunchilikda belgilangan muddatlarda koʻrib chiqishga hamda natijalari toʻgʻrisida murojaat qiluvchiga yoki uning qonuniy vakiliga, Milliy ijtimoiy himoya agentligiga va tegishli prokurorga xabar berishga majbur boʻladi.

