Samarqand viloyatida ogʻir xastaliklarga chalingan bolalarga uyda yordam koʻrsatish boshlandi
28 sentyabrdan boshlab Samarqand viloyatida mutaxassislar ogʻir davolanmaydigan kasalliklarga chalingan bolalarning xonadoniga tashrif buyurmoqda. Ular ogʻriq va boshqa simptomlarni yengillashtirishga yordam beradi, ota-onalarga bolaga gʻamxoʻrlik qilishni oʻrgatadi. Milliy ijtimoiy himoya agentligi maʼlumotlariga koʻra, mintaqadagi 300 dan ortiq bolaga shunday yordam kerak. «Biz bolaning tashxisini oʻzgartira olmaymiz, lekin uning har bir kunini oʻzgartirishimiz mumkin», […]

Samarqand viloyatida ogʻir xastalikka chalingan bolalarga uyda yordam koʻrsatila boshlandi
28 sentyabrdan boshlab Samarqand viloyatida mutaxassislar ogʻir davolanmaydigan xastaliklarga chalingan bolalarning xonadoniga tashrif buyura boshladilar. Ular ogʻriq va boshqa simptomlarni kamaytirishga yordam beradi, shuningdek, ota-onalarga bolani parvarish qilishni oʻrgatadi. Milliy ijtimoiy himoya agentligi maʼlumotlariga koʻra, mintaqadagi 300 dan ortiq bolaga shunday yordam zarur.
«Biz bolaning tashxisini oʻzgartira olmaymiz, lekin uning har bir kunini oʻzgartirishimiz mumkin», — dedi agentlik direktorining birinchi oʻrinbosari Shahnoza Mirziyoyeva.
Sayyor guruh tarkibiga tibbiyot xodimlari, ijtimoiy xodimlar va psixologlar kiradi. Ular bolaning ahvolini baholaydi, individual parvarish rejasini ishlab chiqadi hamda ogʻriq va boshqa simptomlarni nazorat qilishga yordam beradi. Ota-onalarga ham bolalarni parvarish qilish koʻnikmalari oʻrgatiladi.
«Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari har bir bola uchun alohida yigʻmajild ochadi va oilalarga kerakli yordamni olishda koʻmaklashadi. Xususan, bolalarga maxsus nogironlar aravachalari, vertikalizatorlar, funktsional karavotlar va yotoq yaralariga qarshi matraslar beriladi.
Bir vaqtning oʻzida Milliy ijtimoiy himoya agentligi bolalar xospisini qurmoqda. Sayyor yordam bilan bir qatorda, u palliativ yordam — ogʻir xastaliklarda ogʻriqni yengillatish va hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan yordamning yagona tizimi qismiga aylanadi.
Shahnoza Mirziyoyevaning soʻzlariga koʻra, nafaqat bolaning tashxisini, balki uning ehtiyojlari, istaklari va jamiyat hayotida ishtirok etish huquqini ham hisobga olish muhimdir. Yordam oilaga uyida yoki xospisda — bolaning ahvoli va ehtiyojlariga qarab olish imkoniyati boʻlishi kerak.

