Mahalliy

O‘zbekistonda bolalar uchun mobil palliativ yordam xizmati yo‘lga qo‘yildi

Shahnoza Mirziyoyeva: og‘ir xastalikka chalingan bolalarning hayotini yengillashtirish va ularning jamiyatdagi o‘rnini ta’minlash muhim

O‘zbekistonda bolalar uchun mobil palliativ yordam xizmati ish boshladi

O‘zbekistonda bolalar uchun mobil palliativ yordam xizmati faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Shu bilan birga, Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan bolalar xospisini tashkil etish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda. Bu haqda Shahnoza Mirziyoyeva o‘z sahifasida xabar berdi.

Yangi xizmatning bosh maqsadi — og‘ir va tuzalmas kasalliklarga chalingan bolalar hamda ularning oilalariga bolaning ehtiyojlaridan kelib chiqib zarur yordam ko‘rsatish. Bunda oilalarga tibbiy va palliativ yordamni uy sharoitida yoki xospisda olish imkonini yaratish nazarda tutilgan.

Shahnoza Mirziyoyevaning aytishicha, ushbu tashabbus faqat tibbiy yordam bilan cheklanib qolmaydi. Uning yana bir muhim jihati jamiyatning tuzalmas kasalliklarga chalingan bolalarga munosabatini o‘zgartirish, ularning qadr-qimmati va huquqlarini tan olishdir.

«Kasallik bolaning imkoniyatlarini cheklashi mumkin, ammo uning to‘laqonli hayot kechirishi uchun qilayotgan sa’y-harakatlarimizni cheklamasligi kerak», — deb yozadi u.

Shahnoza Mirziyoyeva bolalar xospisi tashkil etilishi bilan birga, jamiyatda bu kabi bolalarga qarashlar ham o‘zgarishi zarurligini alohida ta’kidlaydi. Uning fikricha, bolaga faqat tashxisi orqali baho berish emas, balki uning shaxsiyati, xohish-istaklari, orzu-umidlari va qiziqishlarini ham inobatga olish lozim.

Har bir bola, sog‘lig‘idagi muammolardan qat’i nazar, jamiyatning ajralmas qismi bo‘lish, o‘zini namoyon etish va imkon qadar mazmunli hayot kechirish huquqiga ega.

Bolalar uchun mobil palliativ yordam xizmati va xospis tashkil etilishi ana shu yondashuvni amaliyotga tatbiq etish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri sanaladi. Zero, bunday yordamning mazmuni nafaqat og‘riq va azoblarni yengillashtirish, balki bola hamda uning oilasiga qo‘llab-quvvatlash, e’tibor va munosib hayot uchun zarur sharoitlarni yaratib berishdan iborat.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.