Andijondagi “G‘amxo‘rlik” markazida bolalarga jismoniy zo‘ravonlik qilingani aniqlandi

Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumanida joylashgan Nogironligi bo‘lgan bolalar uchun “G‘amxo‘rlik” markazida bolalarga nisbatan jismoniy zo‘ravonlik holatlari aniqlandi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi ma’lum qildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu holat aks etgan videolar tarqalgach, Ijtimoiy himoya milliy agentligining Andijon viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi. O‘rganish natijalariga ko‘ra, videoda ko‘ringan 6 nafar tarbiyachi va 1 nafar hamshira lavozimidan ozod etildi hamda ular bilan tuzilgan mehnat shartnomalari qonunchilikda belgilangan tartibda bekor qilindi.
Tarbiyachi xodimlarning ish faoliyatini yetarlicha nazorat qilmagan mas’ul xodimlarga nisbatan intizomiy choralar qo‘llanildi. Shuningdek, mazkur hududdagi tibbiyot birlashmasining mutaxassis xodimlarini jalb qilgan holda muassasadagi bolalar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Bundan tashqari, “G‘amxo‘rlik” markazidagi bolalar uchun mo‘ljallangan o‘yin maydonlari atrofiga qo‘shimcha nazorat kameralari o‘rnatildi.
O‘zbekistonda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik haqida xabar berish uchun 1246 qisqa raqami ishga tushirilgan. Ushbu raqamga qo‘ng‘iroq qilish orqali bolalarga nisbatan zo‘ravonlik, beparvolik va ularning hayoti hamda sog‘lig‘iga tahdid soluvchi holatlar haqida xabar berish mumkin.

