Mahalliy

Samarqandda bolalarga noqonuniy diniy ta’lim bergan sobiq imom-xatib 3,5 yilga qamaldi

Samarqandda bolalarga noqonuniy diniy ta’lim bergan sobiq imom-xatib 3,5 yilga qamaldi

Samarqand viloyatining Urgut tumanida sobiq imom-xatib voyaga yetmaganlarga noqonuniy diniy ta’lim bergani va giyohvandlik vositalarini iste’mol qilgani uchun sud oldida javob berdi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Urgut tuman sudining hukmiga ko‘ra, 42 yoshli erkakka 3 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, sudlanuvchi 2026-yil may oyining oxiridan 23-iyungacha Urgut tumanidagi xonadonlardan birida besh nafar voyaga yetmagan bolaga diniy saboq bergan. Tergov hujjatlarida buning evaziga har bir boladan oyiga 100 dollardan haq olishga kelishilgani qayd etilgan. 23-iyun kuni Davlat xavfsizlik xizmatining Urgut tuman bo‘limi va tuman IIB xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirda u diniy adabiyotlar va boshqa ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Xonadon ko‘zdan kechirilganda plastik qutidan alohida qadoqlangan, jami og‘irligi 3,75 gramm opiy va 5,66 gramm marixuana topilgan. Tergov hujjatlarida sudlanuvchi besh nafar voyaga yetmagan bolaga diniy saboq berish jarayonida giyohvandlik vositalarini iste’mol qilib kelgani ham qayd etilgan.

Sud majlisida sobiq imom-xatib 2020-yildan buyon giyohvandlik vositalarini iste’mol qilib kelganini tan olgan. U aybiga iqror bo‘lib, qilmishidan pushaymon ekanini bildirgan.

Sudlanuvchiga Jinoyat kodeksining 229²-moddasi ikkinchi qismi bilan ikki yil muddatga Musulmonlar idorasi tizimida rahbarlik va mas’ul lavozimlarni egallash hamda diniy ta’lim berish faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilish va ikki yilga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Jinoyat kodeksining 276-moddasi ikkinchi qismi “a” bandi bilan esa uch yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.

Jazolar Jinoyat kodeksining 59 va 61-moddalariga asosan qisman qo‘shilib, yakunda 3 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazo manzil-koloniyada o‘taladi. Shuningdek, sud hukmi bilan unga jazoni ijro etish muassasasida giyohvandlikdan majburiy davolanish chorasi ham qo‘llanilgan.

Noqonuniy diniy ta’lim olgan voyaga yetmaganlarning ota-onalariga nisbatan ham amaldagi qonunchilikka muvofiq tegishli choralar ko‘rilgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.