Mahalliy

Farg‘onada 39 yoshli ayol uyida qirqdan ortiq qizga noqonuniy diniy saboq bergani aniqlandi

Farg‘onada 39 yoshli ayol o‘z uyida qirqdan ortiq qizga ruxsatsiz diniy ta’lim bergani aniqlandi.

Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanida istiqomat qiluvchi ayol o‘z xonadonida maxfiy hujra tashkil etib, 41 nafar voyaga yetmagan qizga noqonuniy ravishda diniy saboq berib kelganligi fosh etildi.

Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbir natijasida, 1987-yilda tug‘ilgan, Bag‘dod tumanining Nurafshon mahallasida yashovchi ayolning uyida hujra faoliyat yuritayotgani ma’lum bo‘ldi.

Jami 41 nafar voyaga yetmagan qizga diniy ta’lim berilganligi aniqlandi. Ularning barchasi shu yerda yashab, saboq olgan.

Qayd etilishicha, qizlar Qo‘qon shahri, Uchko‘prik, Yozyovon, Buvayda va Bag‘dod tumanlarida yashovchi fuqarolarning farzandlari bo‘lgan. Har bir bola uchun ota-onalar oyiga 600 ming so‘mdan to‘lov qilgan.

Hujrada diniy ta’lim olayotganlar orasida 5–6 yoshli, hali maktabga bormagan qizlar ham borligi aniqlandi.

Shuningdek, qizlarga diniy saboq bergan ayol oliy ta’lim muassasasida o‘qimagani va tegishli diplomga ega emasligi ta’kidlandi.

Mazkur holat yuzasidan hujra tashkil etgan ayolga nisbatan Jinoyat kodeksining 229-1-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Bundan tashqari, hujrada diniy ta’lim olgan 41 nafar voyaga yetmagan qizning ota-onalariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi 3-qismi asosida ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.

Iyun oyida Toshkent shahrining Olmazor tumanida voyaga yetmagan bolalarga noqonuniy diniy ta’lim berib kelgan er-xotin qo‘lga olingani haqida xabar berilgan edi. Ular ushbu faoliyati uchun har bir bolaning ota-onasidan 100-200 AQSH dollari miqdorida pul olgan va yotoq sharoitida turli diniy adabiyotlardan saboq bergan.