Samarqandda mezolit va neolit davriga oid qoyatosh suratlari hamda bronza davri manzilgohi aniqlandi
Nurota tog‘ tizmasining Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumaniga to‘g‘ri keluvchi hududida mezolit va neolit davrlariga oid oxra bilan chizilgan qoyatosh suratlari hamda bronza davri manzilgohi aniqlandi. Manzilgohdagi 60 sm qalinlikdagi madaniy qatlam keng ko‘lamli qazishmalar o‘tkazish zarurligini ko‘rsatadi.

Samarqandda mezolit va neolit davriga oid qoyatosh suratlari hamda bronza davri manzilgohi topildi
Nurota tog‘ tizmasining Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumaniga qarashli hududida o‘tkazilgan arxeologik qidiruvlar chog‘ida mezolit va neolit davrlariga oid qoyatosh suratlari hamda bronza davriga mansub manzilgoh aniqlandi.
Institutning 2026-yilgi dala tadqiqotlari rejasiga asosan, oktabr oyida ilmiy xodimlar Qo‘shrabot tumanining tog‘ va tog‘oldi hududlarida arxeologik qidiruv ishlarini amalga oshirdi.
“Oqchobsoy” MFYga tegishli Egrijarsoy, Xo‘jasoy (Badimin), Galajinsoy va Sumbulsoy hududlaridagi tosh ayvonlarining devorlari hamda shiftlarida qoyatosh suratlari aniqlandi. Institut ma’lumotiga ko‘ra, tabiiy oxra bo‘yog‘i bilan ishlangan bu suratlar taxminan mezolit (miloddan avvalgi XII-VII ming yilliklar) va neolit (miloddan avvalgi VI-III ming yilliklar) davrlariga oid.
Shuningdek, “Pang‘at” MFY hududida olib borilgan qidiruvlar davomida uchta nuqtadan bronza davriga (miloddan avvalgi III ming yillikdan I ming yillik boshlarigacha) oid sopol parchalari topilib, o‘rganildi.
Qumoloqli qishlog‘idan 700−800 metr sharqda joylashgan birinchi nuqtada 2×1 metr hajmda shurf qazildi. Natijada qalinligi 60 santimetr bo‘lgan madaniy qatlamga ega bronza davri manzilgohi aniqlandi. Qazishma vaqtida ko‘plab sopol parchalari va suyak qoldiqlari qayd etildi.
Institutning ta’kidlashicha, ushbu manzilgohda topilgan arxeologik materiallar keng ko‘lamli qazishma tadqiqotlarini olib borish zarurligini ko‘rsatadi.
Topilmalarni o‘zaro qiyosiy tahlil qilish Nurota tog‘ tizmasi hududlarining qadimgi aholi tomonidan o‘zlashtirilish bosqichlari, shuningdek, boshqa hududlarda yashagan qabila va elatlar bilan madaniy aloqalarning rivojlanishini o‘rganishga yordam beradi. Institut ma’lumotiga ko‘ra, tadqiqot natijalari bu jarayonlar haqida yangi ilmiy xulosalar chiqarishga asos bo‘lmoqda.
Avvalroq Samarqand viloyati Urgut tumanidagi Qo‘rg‘ontepa yodgorligida ilk o‘rta asrlarga oid ibodatxona qoldiqlaridan gips haykalning bosh qismi topilgan edi.
Mutaxassislar topilma qadimgi So‘g‘d san’atini o‘rganishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

