Jarqo‘tonda bronza davriga oid inshootlar, o‘choq va yosh bola qabri aniqlandi
Sherobod tumanidagi Jarqo‘ton arxeologik yodgorligida olib borilayotgan qazishmalar davomida xom g‘ishtdan qurilgan inshootlar, diametri 70 santimetrli o‘choq, sopol idishlar va qadimgi qabrlar aniqlandi. Tadqiqotlar bronza davridagi aholining turmush tarzi, xo‘jaligi va dafn marosimlarini o‘rganishga qaratilgan.

Jarqo‘tonda bronza davriga oid inshootlar, o‘choq va yosh bola qabri topildi
Surxondaryo viloyatidagi Jarqo‘ton arxeologik yodgorligida bronza davriga mansub inshootlar, o‘choq va qabrlarga duch kelindi.
Jarqo‘tonda arxeologik qazishma hamda ilmiy tadqiqot ishlari joriy yil oktabr oyida boshlangan. Ekspeditsiyaga Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti katta ilmiy xodimi, tarix fanlari nomzodi Komil Rahimov rahbarlik qilmoqda.
Tadqiqotlarda Termiz davlat universiteti talabalari bilan birga Italiyaning Salento universiteti magistranti Francheska Kondjedo ham qatnashmoqda.
Qazishmalar chog‘ida yodgorlik hududidan xom g‘ishtdan bunyod etilgan inshootlar va diametri 70 santimetr bo‘lgan o‘choq aniqlandi. Bu topilmalar Jarqo‘ton bosqichidagi qurilish an’analari hamda turar joylar tuzilishini o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etadi. Yodgorlik qabristonining g‘arbiy qismida olib borilgan qazishmalar vaqtida qabrlardan birida to‘rtta butun sopol idish topildi.
Shuningdek, yodgorlikning asosiy hududidan tashqarida amalga oshirilgan qazish ishlari natijasida yosh bola qabri, Sopolli madaniyatining Jarqo‘ton bosqichiga oid xo‘jalik o‘rasi va aylana shaklidagi ikkita kul o‘rasi qayd etildi.
Aniqlangan arxeologik topilmalar bronza davriga — miloddan avvalgi III-I ming yilliklarga tegishli. Ular qadimgi aholining turmush tarzi, xo‘jalik faoliyati, dafn marosimlari hamda yodgorlik hududining tarixiy rivojlanish bosqichlarini yanada chuqurroq o‘rganish imkonini beradi.
Topilmalarni qiyosiy va tipologik tahlil qilish orqali Jarqo‘tonning ayrim hududlari qanday vazifani bajargani va vaqt o‘tishi bilan qanday rivojlanganiga doir yangi ilmiy xulosalar olinishi kutilmoqda.
Hozirda Jarqo‘ton yodgorligida arxeologik qazishma va ilmiy tadqiqot ishlari davom etmoqda.

