Samarqandda hovlisidan yer qaziyotgan fuqaro bronza davriga tegishli qabr qoldiqlarini topdi

Samarqandda hovlisida yer kavlayotgan fuqaro bronza davriga oid qabr qoldiqlariga duch keldi
Samarqand viloyati Payariq tumani Darvozag‘aza qishlog‘ida istiqomat qiluvchi fuqaro o‘z hovlisida qazish ishlari olib borayotganida qadimiy buyumlarga ro‘baro‘ bo‘ldi. Qazish paytida inson suyaklari bilan birga bronzadan ishlangan bilakuzuklar, turli taqinchoqlar va mayda munchoqlar ham topilgan.
Fuqaro bu topilma haqida Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya institutiga ma’lum qilgan. Institut mutaxassislari voqea joyiga borib, topilmalarni ko‘zdan kechirgan hamda barcha arxeologik ashyolarni belgilangan tartibda rasmiylashtirib, ilmiy tadqiqot uchun qabul qilib olgan.
Samarqand arxeologiya instituti direktori Mo‘minxon Saidovning dastlabki kuzatuvlariga ko‘ra, topilgan bronza bilakuzuklarning ayrimlari konussimon uchlari va spiralsimon bezaklari bilan ajralib turadi. Ularning shakli va bezak xususiyatlari bronza davrining so‘nggi bosqichida yashagan dasht chorvador qabilalari madaniyatiga xos taqinchoqlarga juda o‘xshaydi.
Odatda bunday yodgorliklar miloddan avvalgi XIII–X asrlarga mansub bo‘lib, Andronovo – Tozabog‘yob madaniy doirasi bilan bog‘lanadi. Biroq hozircha topilmaning aniq davri va madaniy mansubligi qat’iy belgilanmagan. Bu masalaga maxsus arxeologik qazishmalar, antropologik tadqiqotlar hamda metall buyumlarning laboratoriya tahlillaridan so‘ng aniqlik kiritiladi.

