Xorazmda bronza davri qabristoni topildi
Qazishmalar davomida toshdan qurilgan 19 ta yashiksimon qabr qayd etilib, ularning ichidan g‘ujanak holda dafn

**Xorazmda bronza davriga oid qabriston aniqlandi**
Xorazm Ma’mun akademiyasining arxeologik ekspeditsiyasi Tuproqqal’a tumanida muhim topilma yuzasidan ish olib bordi. Hududda ilgari ilm-fanga noma’lum bo‘lgan, dastlabki xulosalarga ko‘ra bronza davriga mansub qabriston aniqlangan.
Mazkur yodgorlikdagi dafn inshootlarining tuzilishi olimlar e’tiborini alohida tortmoqda. Qazishmalar jarayonida toshdan bunyod etilgan 19 ta yashiksimon qabr qayd etildi, ularning ichidan g‘ujanak holatda dafn qilingan jasadlar topildi. Shuningdek, qabrlardan turli buyumlar, jumladan, bronza ashyolari va munchoqlar ham qazib olindi.
Aniqlangan majmua Xorazmning qadimgi tarixini o‘rganishda katta ahamiyatga ega. Chunki dafn yodgorliklari mintaqaning qadimgi aholisi madaniyati, dafn marosimlari, ijtimoiy tasavvurlari hamda turli hududlar aholisi o‘rtasidagi aloqalar haqida muhim ma’lumotlar beradi.
Dafn marosimi va topilmalarning ayrim turlarini dastlabki tahlil qilish natijalari Janubiy Qozog‘istonning Sirdaryo havzasi hududlarida aniqlangan dafn inshootlari bilan ma’lum o‘xshashliklar borligini ko‘rsatmoqda. Bunday parallelliklar ilmiy jihatdan alohida qiziqish uyg‘otadi va bronza davrida Markaziy Osiyoning turli hududlarida yashagan aholi o‘rtasida madaniy aloqalar hamda o‘xshash an’analar bo‘lganidan dalolat berishi mumkin. Shu bilan birga, yodgorlikning xronologiyasi va madaniy mansubligi bo‘yicha yakuniy xulosalar arxeologik materiallar kompleks o‘rganilgach chiqariladi.
Hozirda Akademiya mutaxassislari ekspeditsiya davomida olingan materiallarni dastlabki qayta ishlash va hujjatlashtirish ishlarini olib bormoqda. Kelgusida dafn inshootlari, antropologik materiallar va dafn anjomlarini batafsil o‘rganish, shuningdek, zarur laboratoriya tadqiqotlarini o‘tkazish rejalashtirilgan. Olingan natijalar yodgorlikning sanasini aniqlashtirish hamda uni Xorazm va unga tutash hududlardagi bronza davri arxeologik madaniyatlari tizimidagi o‘rnini belgilash imkonini beradi.
Ma’lumot uchun: Markaziy Osiyoda bronza davri taxminan miloddan avvalgi III ming yillikning oxiridan miloddan avvalgi II ming yillikning oxirigacha (taxminan miloddan avvalgi 2200–900-yillar) davom etgan.

