Xorazmda yil oxirigacha 39 ming nafar ishsiz fuqaro ish bilan ta’minlanadi

Xorazm viloyatida joriy yil yakuniga qadar 39 ming nafar ishsiz fuqaroni doimiy ish bilan ta’minlash hamda 81 ming nafar aholini kambag‘allikdan chiqarish ko‘zda tutilgan. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Joriy yilning o‘tgan davrida viloyatda 162 ming nafar aholining daromadlari oshirilgan, 29 ming kishi doimiy ishga joylashtirilgan, shuningdek, 37 ming nafar fuqaroning norasmiy bandligi qonuniylashtirilgan.
Bundan tashqari, 28,9 mingta kam ta’minlangan oiladagi 126,6 ming nafar aholiga 40 mingdan ortiq xizmat ko‘rsatildi. Natijada “Ijtimoiy reyestr”ga kiritilgan 29 mingta oiladagi 127 ming nafar aholining rasmiy daromadi va moddiy ahvoli yaxshilandi. Viloyatda kambag‘allik darajasi yil boshidagi 6,7 foizdan 3,9 foizga pasaydi.
Hozirgi kunda Xorazmda 39 ming nafar ishsiz fuqaro va 102 ming nafar mehnat migranti mavjud. Viloyatda 50 mingdan ziyod vakansiya bo‘lishiga qaramay, zarur malakaga ega kadrlar yetishmasligi sababli ularning bir qismi bo‘sh qolmoqda.
Shu bois, kasb-hunarga o‘qitish tizimini mehnat bozori ehtiyojlari bilan bog‘lash, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida amaliy tayyorgarlikni kuchaytirish vazifasi qo‘yildi. Universitetlarda ham talabalarning kasbiy va amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan mashg‘ulotlarni tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikni ta’minlash maqsadida viloyatga jami 6,4 trillion so‘m yo‘naltirilgan. Tijorat banklarining 2,1 trillion so‘mlik resurslari hisobidan mahallalardagi loyihalarga 1,5 trillion so‘m kredit ajratilgan.
Yil oxirigacha sanoat, xizmat ko‘rsatish, turizm, transport, qishloq xo‘jaligi va qurilish sohalaridagi loyihalar hisobiga yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Mikrosanoat markazlarida 250 ta yangi korxona tashkil etish, 36 ta kooperatsiyaga 15,8 mingta kam ta’minlangan oilani jalb qilish va 2,5 mingta mikroloyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, 12 ta tayanch va 38 ta yondosh mahallada 70 ta “lokomotiv” loyiha amalga oshirilib, 1,1 mingta ish o‘rni yaratiladi. Tadbirkorlik loyihalariga 650 milliard so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Xorazmda kambag‘allik va ishsizlikni qisqartirish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan ham takliflar ishlab chiqiladi. Prezident ehtiyojmand aholi bilan ishlash mexanizmlarini qayta ko‘rib chiqish va har bir insonga individual yondashish zarurligini ta’kidladi.

