Xorazmda sut mahsulotlari ishlab chiqarish kengaytiriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Urganch tumanidagi «Tillo domor» korxonasida sutni qayta ishlash jarayoni va yangi ishlab

Xorazmda sut mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi oshiriladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Urganch tumanida joylashgan «Tillo domor» korxonasining yangi ishlab chiqarish majmuasiga tashrif buyurib, sutni qayta ishlash va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdi. Ushbu korxona sut yetishtirish salohiyati yuqori bo‘lgan Xorazm viloyatida mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlashga qaratilgan muhim loyihalardan biridir.
Umumiy qiymati 11 million dollarni tashkil etuvchi korxona yiliga qariyb 100 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega. Ishlab chiqarish majmuasi Bolgariyadan keltirilgan zamonaviy texnologik uskunalar bilan jihozlangan.
Hozirda bu yerda pishloq, qaymoq, smetana, tvorog, qatiq va kefir kabi 70 dan ortiq turdagi sut mahsulotlari tayyorlanmoqda. Xomashyo har kuni 100 dan ziyod fermer xo‘jaligi va aholidan sotib olinadi.
Korxonada 120 ta ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, ishlab chiqarish majmuasida 100 kilovatt quvvatga ega quyosh panellari ham o‘rnatilgan.
Kelajakda korxonada yana 100 ta yangi ish o‘rni tashkil etish va mahsulot turlarini ko‘paytirish rejalashtirilgan. Aholi va fermerlardan xomashyoning muntazam xarid qilinishi chorvachilik bilan shug‘ullanuvchilar uchun barqaror sotuv bozorini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda Xorazm viloyatida 1200 ga yaqin qayta ishlash korxonasi faoliyat yuritmoqda. Bu korxonalarning ko‘payishi mahalliy xomashyoni sanoat usulida qayta ishlash va qo‘shilgan qiymatni oshirish imkoniyatlarini kengaytirmoqda.
Prezident mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlab, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, bunday korxonalarni xomashyo bilan barqaror ta’minlash, mahsulot turlari va ishlab chiqarish hajmini oshirish zarurligi qayd etildi. Mutasaddilarga tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.

