Arxeologlar Samarqand yaqinidagi ibodatxona xarobalari orasidan qadimiy haykal boshini topishdi

Arxeologlar Samarqand yaqinidagi ibodatxona xarobalari orasidan qadimiy haykal boshini topishdi
Samarqand viloyatining Urgut tumanida arxeologlar ilk oʻrta asrlarga oid gips haykal boshini topishdi. Artefakt Qoʻrgʻontepa yodgorligidagi qadimiy ibodatxona qoldiqlari orasidan aniqlandi.
Qazish ishlari Samarqand arxeologiya instituti xodimlari tomonidan olib borilmoqda. Madaniy meros agentligi xabariga koʻra, haykalning yuz tuzilishi, soch turmagi va boshqa detallari olimlarga qadimgi Soʻgʻd sanʼati va ibodatxona bezaklarini yaxshiroq tushunishga yordam beradi.
Ishlar davomida arxeologlar xonalar qoldiqlari va boshqa topilmalarni ham aniqlashdi. Ular ibodatxonaning tuzilishi va vazifasi, shuningdek, bu yerda oʻtkazilgan diniy marosimlar haqida yangi maʼlumotlar berishi mumkin.
Qoʻrgʻontepa ilgari ham muhim kashfiyotlar makoni boʻlgan. 2024 yilda ushbu ibodatxona qoldiqlari orasidan toʻrt qoʻlli maʼbud tasvirlangan devoriy surat, shuningdek, loydan yasalgan haykalning qoʻl va oyoq qismlari topilgan edi.
Madaniy meros agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Elmurod Najimov, shuningdek, 2027 yildan boshlab arxeologik tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash uchun har yili grant shaklida 25 milliard soʻm ajratilishi rejalashtirilayotganini maʼlum qildi. Bu mablagʻlar, birinchi navbatda, yosh arxeologlarning loyihalariga yoʻnaltiriladi.

