Samarqandda dala maydoniga yashirilgan 55 kilodan ortiq narkotik topildi
Ikki nafar gumonlanuvchi Lacetti avtomobilida kelib, giyohvandlik vositalarini olayotgan vaqtda qo‘lga olingan. Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Samarqandda dala maydoniga yashirib qo‘yilgan 55 kilogrammdan ortiq narkotik aniqlandi
Samarqand viloyatining Toyloq tumanida 55 kilogramm 750 gramm giyohvandlik vositasi bilan ikki nafar shaxs qo‘lga olindi.
O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ikki nafar shaxs Toyloq tumanidagi dala maydoniga Lacetti avtomobilida kelib, oldindan belgilangan joyga yashirib ketilgan 41,2 kilogramm opiy va 14,55 kilogramm gashishni olayotgan paytda ushlangan.
Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, gumonlanuvchilar bir yildan buyon O‘zbekiston hududida giyohvandlik vositalarini tarqatish bilan shug‘ullanib kelgan.
Ular mazkur giyohvandlik vositalarini qo‘shni davlatda yashovchi rahnamolarining ko‘rsatmasiga binoan belgilangan shaxslarga yetkazib, turli hududlarga tarqatishi kerak bo‘lgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ma’lumotiga ko‘ra, tezkor tadbir natijasida 235 ming dozaga teng bo‘lgan jami 55,75 kilogramm opiy va gashishning aholi orasida tarqalishiga yo‘l qo‘yilmagan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 6-qismi “a” bandi (giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni yoki ularning analoglarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, qayta ishlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

