Toshkent viloyatida yashirib ketilgan salkam 95 kilo narkotik topildi

Toshkent viloyatida yashirib qo‘yilgan qariyb 95 kilo narkotik aniqlandi
Toshkent viloyatida bojxonachilar qariyb 95 kilogramm gashish giyohvandlik vositasini noqonuniy muomaladan chiqarib oldi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati ma’lum qildi.
Bildirilishicha, Bojxona qo‘mitasining Kontrabandaga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirda Qibray tumanidagi dala maydonida daraxtlar orasiga 4 dona xo‘jalik qopi yashirib ketilgani aniqlangan. Qoplar ichida 109 dona o‘ram bo‘lib, o‘ramlardagi modda Markaziy bojxona laboratoriyasi xulosasiga ko‘ra, qariyb 95 kilogramm gashish giyohvandlik vositasi ekani tasdiqlandi.
Giyohvandlik vositalarini olib ketish uchun keladigan shaxslarni aniqlash maqsadida ushbu hudud bir necha kun davomida uzluksiz kuzatuv ostiga olindi. Oradan 8 kun o‘tib, narkotik moddalarni olib ketish uchun kelgan ikki nafar fuqaro ham tezkor tadbir ishtirokchilari tomonidan qo‘lga olindi.
Holat yuzasidan Bojxona qo‘mitasining Surishtiruv va ma’muriy amaliyot boshqarmasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov organiga yuborildi. Tergov harakatlari davomida bu moddalarni yashirib ketilgan joydan olib ketish haqida topshiriq bergan shaxs ham aniqlanib, ushlandi. U muqaddam benzin kontrabandasi bilan shug‘ullangani uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, 95 kilo gashish qariyb 700 mingta doza degani. Ya’ni bu miqdordagi giyohvandlik vositasi qora bozorga chiqarilganida, yuz minglab insonlar hayoti va taqdiriga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin edi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur giyohvandlik vositalarining qora bozordagi qiymati oxirgi iste’molchiga yetib borguniga qadar 10 million AQSH dollaridan oshishi mumkin edi.
Bundan avval Bojxona xodimlari Tailanddan O‘zbekistonga 13 kilodan ortiq narkotik moddalarning olib kirilishiga chek qo‘ygani haqida xabar berilgan edi. Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yilning sakkiz oyida O‘zbekistonda giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq 12 104 ta jinoyat va 1 410 ta ma’muriy huquqbuzarlik aniqlangan.

