Dunyo

Sahroyi Kabirdan Marsning 4 mlrd yillik bo‘lagi topildi

Olimlar Malida topilgan pushti rangli meteoritni tadqiq qilib, uning yoshini aniqladi. Natijada u oddiygina tosh emas, balki qizil sayyoraning bo‘lagi ekani aniqlandi.

Sahroyi Kabirdan Marsning 4 mlrd yillik bo‘lagi topildi

2022-yilda Sahroyi Kabirdan topilgan pushti rangli meteorit Mars sayyorasining 4,1 milliard yillik bo‘lagi ekani aniqlandi. CBS News bu haqda NASA tadqiqoti xulosasiga tayangan holda xabar berdi.

Qariyb bir kilogramm og‘irlikdagi ushbu bo‘lak Malida topilgan. Qizil sayyora parchasi tuz tekisligidan topilgani uchun Teghaza 001 deb nomlangan.

Olimlar uning kimyoviy va mineral tarkibini NASA missiyalari yig‘gan ma’lumotlar bilan taqqosladi. Natijada bu tosh Marsdan tushgan taxminan 435 ta meteoritdan biri ekani tasdiqlandi.

Tadqiqotchilar meteoritning yoshini aniqlab, uni Yerdan topilgan eng qadimiy uchta Mars meteoritidan biri degan xulosaga kelishdi. NASA vakillariga ko‘ra, bu topilma Mars qobig‘i va uning shakllanishi haqida noyob ma’lumot beradi.

“Biz meteoritni diqqat bilan o‘rganishni boshlaganimizdan keyingina uning haqiqatan ham noyob ekanini angladik. Ilmiy maqola taqrizchilaridan biri uni Mars uchun ‘Rozetta toshi’ deb atadi”, deydi NASAning Janubiy Kaliforniyadagi Reaktiv harakat laboratoriyasi tadqiqotchisi Yan Lyu.

Avval topilgan qadimiy meteoritlar Mars tarixi haqida kamroq ma’lumot bergan edi. Teghaza 001 esa Mars qobig‘i soviyotgan magmadan qanday hosil bo‘lganini va keyinchalik suv ta’sirida qanday o‘zgarganini ko‘rsatdi.

Qadimiy suv izlari

Meteorit tarkibida vulqon minerallari, jumladan, sirkon kristallari bor. Kaltech geokimyo professori Frensis Tissot meteorit bo‘lagini yangicha usulda tahlil qilishga yordam berdi. Bu usul ayrim mineral zarrachalarni alohida o‘rganish imkonini berdi.

Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, tosh bundan 4,1 milliard yil avval Mars suvi ta’sirida o‘zgargan. Toshning o‘zi esa bundan ham oldinroq paydo bo‘lgan. Ma’lumotlar qadimda Marsda suv aylanishi ilgari taxmin qilinganidan ko‘ra faolroq bo‘lganini ko‘rsatdi.

“Bu Mars qobig‘ining ilgari bizda namunalari bo‘lmagan qismidan olingan birinchi bo‘lakdir”, deya qo‘shimcha qildi NASAning Eyms tadqiqot markazi olimi Li Seyper.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.