Rossiyani ogohlantirgan NATO va Germaniyada ushlangan turkiyalik “qoʻporuvchilar” – kun dayjesti
Oʻtgan kun davomida jahonda roʻy bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Rossiyani ogohlantirgan NATO va Germaniyada ushlangan turkiyalik “qoʻporuvchilar” – kun dayjesti
**NATO qoʻmondoni Rossiyani ogohlantirdi**
Yevropa bilan Rossiya oʻrtasidagi taranglik kuchayib borayotgan bir vaqtda, NATO qoʻmondonligi alyansga hujum qilinsa, bunga qanday javob berilishini bayon qildi.
NATOning Yevropadagi Birlashgan qurolli kuchlari oliy qoʻmondoni, AQSH Harbiy-havo kuchlari generali Aleksus Grinkevich 12-oktabr kuni Varshava xavfsizlik forumida NATO mudofaa ittifoqi ekanini taʼkidladi. Shu bilan birga, u har qanday hujumni "mutlaqo befoyda" qilishga qaratilgan uch yoʻnalishli yondashuv haqida ham soʻz yuritdi: dushman kuchlarini toʻsish, zarbasini susaytirish va sindirish.
General Rossiya nomini tilga olmadi, ammo uning bayonoti asosan Moskvaga qaratilgani anglashildi.
"Agar kimdir bizga hujum qilishdek ahmoqlikka borsa, jang qilamiz. Qisqasi, istalgan ittifoqchimizga qilingan har qanday hujum mutlaqo befoyda boʻlib chiqishini taʼminlaymiz", dedi Grinkevich.
Uning aytishicha, NATO javobi faqat shu bilan cheklanmaydi.
"Agar raqib hujumni davom ettirsa yoki zaxiralarini ishga solsa, bizga qarshi jalb etilgan urush olib borish tizimini sindiramiz. Bunga nafaqat hujum qilayotgan kuchning oʻzi, balki uni qoʻllab-quvvatlaydigan, taʼminlaydigan va boshqaradigan har qanday narsa kiradi", dedi general.
Bu bayonot Yevropa ittifoqchilari AQShning NATOdagi oʻzaro mudofaa majburiyatiga sodiqligidan xavotirda boʻlib turgan paytda yangradi.
Yevropa hukumatlari soʻnggi yillarda Moskvani sabotaj, dronlar bilan havo hududini buzish va kiberhujumlarni kuchaytirishda ayblab kelmoqda. Rossiya esa bu ayblovlarga aloqadorligini rad etadi.

