Dunyo

Rossiya va NATO: Boltiqboʻyi davlatlari uchun xavf bormi?

Putin Rossiyaning NATOga hujum qilish niyati yoʻqligini aytmoqda. Shu bilan birga, Boltiqboʻyidagi rusiyzabon aholi bilan bogʻliq vaziyatga Rossiya xalqaro huquq va gumanitar asosda javob berishi mumkinligini taʼkidlamoqda. NATOning sharqiy qanotidagi davlatlar esa Rossiyadan xavotirda. Polsha va Rossiya vakillari oʻrtasidagi keskin bayonotlar ham vaziyatni yanada taranglashtirmoqda.

Rossiya va NATO: Boltiqboʻyi davlatlari uchun xavf bormi?

Putin Rossiyaning NATOga hujum qilmasligini aytmoqda, biroq Boltiqboʻyidagi rusiyzabonlarni himoya qilish uchun xalqaro huquq doirasida javob berish mumkinligini ham taʼkidlamoqda. Bu nimani anglatadi?

Mening fikrimcha, bu qarashga toʻliq qoʻshilish qiyin. Chunki Rossiya Ukraina urushi jarayonida oʻzining harbiy va iqtisodiy salohiyati kutilgan darajada emasligini namoyon qildi. Bundan tashqari, kechagina Putinning oʻzi ham Rossiyaning Yevropa bilan urush qilish niyati yoʻqligini aytdi. Ammo Boltiqboʻyi davlatlariga oid bayonotning tarixiy sabablari bor. Bu mamlakatlarda Rossiya imperiyasi davridan shakllangan xavotir mavjud. Ularning hududlari Pyotr I, Yekaterina II davrlarida, XIX asrda va keyinchalik Stalin davrida Rossiya yoki Sovet Ittifoqi tarkibiga qoʻshilgan. Shu bois ularda Rossiya tomonidan kelishi mumkin boʻlgan xavf haqidagi tasavvurlar kuchli.

Hatto hozir Latviyada yadro qurolini joylashtirish imkonini beruvchi qonunchilik masalasi ham muhokama qilinmoqda. Biroq boshqa tomondan, bu davlatlarda ham keskin, hatto urushqoq ritorika mavjud. Masalan, Sikorskiy Polshada Rossiya bilan urush yuz bersa, Rossiyani olti-sakkiz hafta ichida magʻlub etish mumkinligini aytgan. U bu fikrni Kiyevdagi forumda bildirgan edi. Bunga javoban Patrushev ham, agar Polsha Rossiya bilan urushsa, Rossiyaga ikki-uch kun yetarli boʻlishini aytdi.

Hozir Gʻarb matbuotida ham aynan shu ikki-uch kun haqidagi fikrlar keng muhokama qilinmoqda. Yaʼni, bu yerda maʼlum darajada siyosiy va axborot oʻyinlari ham ketmoqda. Lekin men bir narsaga ishonchim komil: Rossiyaning NATO bilan toʻgʻridan-toʻgʻri harbiy toʻqnashuvga kirishishi juda katta xavf tugʻdiradi. NATO Rossiyaga nisbatan iqtisodiy va harbiy salohiyat jihatidan bir necha barobar, ayrim koʻrsatkichlar boʻyicha esa oʻnlab marta katta imkoniyatlarga ega. Rossiyaning esa katta hududi va salmoqli harbiy salohiyati bor. Shu bilan birga, Rossiya tomoni: “Agar biz shunchalik zaif boʻlsak, unda nega sizlar Rossiyaning Yevropaga hujum qilishidan xavotirdasizlar?” degan savolni oʻrtaga qoʻymoqda.

Rossiya Yevropaga hujum qilish niyati yoʻqligini ham ochiq aytmoqda. Shuning uchun, mening nazarimda, bu masalaga faqat bir tomonning pozitsiyasidan qarash toʻgʻri emas. Ukraina masalasida ham Rossiyaning asosiy talabi NATOning sharqqa kengaymasligi va Ukrainaning NATOga qoʻshilmasligi bilan bogʻliq edi. Shu bilan birga, Ukraina Yevropa Ittifoqiga qoʻshilishi mumkinligi haqidagi pozitsiya ham ilgari surilgan.

Birinchidan, Putin oldindan aniq prognoz qilib boʻlmaydigan siyosatchi. Ikkinchidan, uning qarashlari, rejalari va ishtahalari vaziyatga qarab oʻzgaradi. Agar ertaga Ukraina masalasida yoki boshqa yoʻnalishda maʼlum bir muvaffaqiyatga erishsa, shunga yarasha uning ishtahasi ham ortishi mumkin. Bugungi kunda Yevropa Ittifoqi va xalqaro hamjamiyat Putinga ishonmaydi, ishona olmaydi. Chunki Putin yillar davomida xalqaro hamjamiyatni chalgʻitib, oʻz bayonotlari va vaʼdalaridan taktika sifatida foydalanib keldi. U Gʻarb siyosatchilariga xos siyosiy muloqot uslubida ish tutmaydi. KGB tizimidan shakllangan siyosiy tajribasi sababli bayonot, vaʼda va muzokaralarni koʻpincha taktik vosita sifatida qoʻllaydi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.