Rossiya yaqin oylarda G‘arbga qarshi gibrid urushni kuchaytiradi — Daniya razvedkasi

Rossiya yaqin oylarda G‘arbga qarshi gibrid urushni kuchaytirishi mumkin — Daniya razvedkasi
Rossiya yaqin oylarda G‘arbga qarshi gibrid urushni kuchaytirishi ehtimoli bor. Bu haqda Daniya mudofaa razvedka xizmati 24-sentyabr kuni e’lon qilgan hisobotda ma’lum qildi.
So‘nggi vaqtlarda Yevropada gibrid urush hamda qo‘poruvchilik harakatlari yana e’tibor markaziga chiqdi. Yaqinda Germaniya Leypsig/Halle aeroportiga dronlar yordamida uyushtirilgan hujumga urinishda Rossiyani aybladi. Shundan keyin Yevropa Ittifoqi a’zolari Moskvaga qarshi yangi sanksiyalar kiritishga chaqirdi.
Moskva esa gibrid urush, NATO davlatlarida sabotaj yoki to‘qnashuvlar rejalashtirishga aloqadorligini bir necha bor inkor etgan.
Hujumlar soni oshishi kutilmoqda
Mudofaa razvedka xizmatiga ko‘ra, Rossiya G‘arb va NATOga qarshi tez-tez hujumlar uyushtirishi kutilmoqda. Bu hujumlarning oqibatlari avvalgidan og‘irroq bo‘ladi. Shuningdek, Rossiyaning o‘z chegaralaridagi NATOga a’zo davlatlarga zarba berishi ehtimoli past bo‘lsa-da, bunday xavf asta-sekin ortib bormoqda.
“Cheklangan harbiy hujum Rossiya uchun chorasizlikdan tashlanadigan qadam bo‘ladi. U ham, kuchaytirilgan gibrid hujumlar kabi, yaqin oylarda sodir bo‘lishi mumkin”, deyiladi hisobotda.
Razvedka xizmati rahbari Tomas Arenkielning aytishicha, bunday hujumlar Ukrainani qo‘llab-quvvatlayotgan infratuzilmalarga uzoq masofali qurollar yoki dronlar bilan zarba berishni o‘z ichiga olishi mumkin. Shuningdek, Ukraina dronlaridan foydalanib, soxta operatsiyalar uyushtirilishi ham ehtimoldan xoli emas.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya mamlakatdagi ozchiliklarni himoya qilish bahonasi bilan NATO chegarasiga oz sonli harbiylarini kiritishi ham mumkin.
“Maqsad mamlakatni egallab olish emas, balki NATOni bo‘lib tashlashdir”, dedi Tomas Arenkiel.
O‘tgan haftada Daniya harbiylari xalqaro suvlarda Rossiya fregati Daniya harbiy vertolyoti tomon ikki marta signal raketasi uchirganini bildirdi. Raketalardan biri samolyotga juda yaqin uchib o‘tgan.

