“NATOdagi aksariyat davlatlar Rossiya raketalari hujumini qaytara olmaydi” — Latviya prezidenti

“NATOdagi aksariyat davlatlar Rossiya raketalari hujumini qaytara olmaydi” — Latviya prezidenti
Agar Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi tashqariga yoyilsa, NATOga a’zo davlatlarning aksariyati Rossiya raketalari zarbasini qaytarishga qodir bo‘lmaydi.
Prezident dronlardan foydalanish texnologiyalari “yashin tezligida” rivojlanayotganini ta’kidladi. Shu bois Yevropaning havo urushiga tayyorgarlik bo‘yicha hozirgi choralar 2027-yil o‘rtalariga kelib eskirib qolishi mumkinligini aytdi.
“Havo hujumidan mudofaa tizimlari, dronlardan himoyalanish vositalari, raketaga qarshi mudofaa jiddiy muammolarga duch kelayotganini ko‘rib turibmiz. Keling, ochiqchasiga aytamiz: Ukraina ham, butun Yevropa va NATO ham shunga duch kelmoqda, Agar Rossiya ushbu hududga bir nechta raketa uchirishga qaror qilsa, o‘ylaymanki, bu ko‘plab davlatlar uchun bugun jiddiy sinov bo‘ladi”, dedi Rinkevichs.
Latviya prezidenti so‘zlariga ko‘ra, Rossiya qishni Ukrainadagi frontda oldinga siljish uchun ishlatib, G‘arb davlatlarining Kiyevni qo‘llab-quvvatlashiga putur yetkazish uchun barcha zarur choralarni ko‘radi.
“Gap qo‘poruvchilik, kiberhujumlar, dronlar va raketalar bilan bog‘liq hodisalar haqida ketmoqda, ular yordamida Moskva Yevropaning qat’iyatini sinab ko‘rmoqda. Men oddiy harbiy bosqinni istisno qilgan bo‘lardim, lekin boshqa variantlar haqida gap ketganda juda hushyor bo‘lishimiz kerak”, dedi u.
Avvalroq Polsha bosh vaziri Donald Tusk Rossiyaning NATO mamlakatlariga zarba berish xavfi haqida ogohlantirgandi. U razvedka ma’lumotlariga tayangan holda, Moskva dronlar va raketalar yordamida gibrid hujumlar rejalashtirayotganini aytgan.
“NATOning sharqiy qanotidagi bir yoki bir nechta davlatlar hududiga dronlar yoki boshqa turdagi raketalar uchib kirishi, hatto vayronagarchiliklar keltirib chiqarishi xavfi mavjud”, degan edi Tusk.

