Dunyo

Rossiyaliklarga tovuq va boshqa uy parrandalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish buyurildi

Rossiyaliklarga tovuq va boshqa uy parrandalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish topshirildi

Rossiyada 1-sentyabrdan boshlab 10 tadan ortiq uy parrandasi boqadigan shaxsiy yordamchi xo‘jaliklar ularni davlat hisobidan o‘tkazishi kerak. “Izvestiya” nashrining yozishicha, yangi tartib tovuqlardan tashqari o‘rdak, g‘oz, kurka, bedana, sesarka va tuyaqushlarga ham tegishli.

Parrandalarni ro‘yxatga olish bilan hududiy davlat veterinariya xizmati shug‘ullanadi. Mutaxassis xo‘jalikka borib, parrandalarni hisobga oladi va ularga identifikatsiya raqami beradi.

Har bir tovuq yoki boshqa parranda uchun alohida “pasport” rasmiylashtirilmaydi. Ularni guruh bo‘yicha hisobga olish mumkin. Parrandalar saqlanadigan joyga maxsus raqamli belgi o‘rnatiladi, egasi, manzil, parrandaning turi va soni haqidagi ma’lumotlar esa “VetIS” tizimining “Xorriot” komponentiga kiritiladi.

Yangi qoidalar ijtimoiy tarmoqlarda hazillarga ham sabab bo‘ldi. Ayrim rossiyaliklar tovuq va xo‘rozlarini DXM (davlat xizmatlari markazi) binolariga olib borib, “ro‘yxatdan o‘tkazish” jarayonini videoga olgan. Shundan keyin Rossiya qishloq xo‘jaligi nazorati xizmati parrandalarni DXMga olib borish shart emasligini alohida tushuntirishga majbur bo‘lgan.

Qoidalarga amal qilmaslik uchun jarima ham belgilangan. Jismoniy shaxslarga 500 rubldan 1000 rublgacha, yakka tartibdagi tadbirkorlarga 3 mingdan 5 ming rublgacha, yuridik shaxslarga esa 10 mingdan 20 ming rublgacha jarima solinishi mumkin. Ayrim holatlarda tadbirkor va tashkilotlar faoliyati 60 sutkagacha to‘xtatilishi ham mumkin.

“Talablar yangi emas. Uy parrandalarini davlat hisobidan o‘tkazish majburiyati Rossiya hukumatining 2023-yilda qabul qilingan qarorida belgilangan. Shaxsiy xo‘jaliklarda 10 tadan ortiq parranda saqlaydiganlarga talabni bajarish uchun 2026-yil sentyabrigacha, 10 tagacha parrandasi borlarga esa 2029-yil sentyabrigacha muhlat berilgan” , deyiladi xabarda.

Rossiya Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodin esa hukumatni qishloq xo‘jaligi hayvonlarini hisobga olish tartibini qayta ko‘rib chiqishga chaqirgan. Uning fikricha, sanitariya nazorati bahonasida qishloq aholisi, deputatlar va mutaxassislar bilan oldindan muhokama qilinmagan talablarni joriy etish to‘g‘ri emas.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.